Bangladeshda hukumat iste’fosini talab qilgan namoyishlarda 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Bangladesh politsiyasi mamlakat Bosh vaziri Shayx Xasinaning iste’fosini talab qilib ko‘chaga chiqqan o‘n minglab namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz hamda granatalardan foydalandi. Oqibatda 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, o‘nlab odamlar yaralangan, politsiya va shifokorlar tomonidan poytaxt Dakka va shimoliy Bogra, Pabna va Rangpurda, shuningdek, g‘arbda Magura, sharqda Komilla va janubda Barisal va Fenida o‘lim holatlari qayd etilgan. Namoyishchilar iyul oyi boshida talabalarning hukumat ishlari uchun kvota tizimini bekor qilish chaqiriqlari bilan boshlangan norozilik namoyishlari zo‘ravonlikka aylanib, 200 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lganidan keyin Xasinaning iste’fosini talab qildi. Ular hukumat iste’foga chiqmagunicha o‘z joyidan to‘xtamasliklarini aytmoqda.

Ko‘plab joylar talafot ko‘rgan. Dakkaning Shohbog‘ tumanidagi yirik davlat shifoxonasi bo‘lmish Bangabandhu Shayx Mujib tibbiyot universitetiga hujum qilinib, bir necha mashina yoqib yuborilgan. Shuningdek, poytaxtning Uttara tumanida politsiya katta magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygan yuzlab odamlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.

Namoyishchilar hukmron partiyaning yuzlab faollari o‘z o‘rnini egallagan hududdagi uylarga hujum qilib, ijtimoiy xavfsizlik idorasini buzib tashlagan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta qo‘lbola bombalar portlatilgan va otishma ovozlari eshitilgan. Zo‘ravonlik kuchaygani sababli, mamlakat Oliy sudi ish o‘rinlari tizimini 5 foizga qisqartirdi va faxriylarning qarindoshlari uchun esa 3 foiz qoldirildi.

Hukumatni internet xizmatlarini yopishga majbur qilgan tartibsizliklar, asosiy muxolifatdagi Bangladesh Millatchi partiyasi tomonidan boykot qilingan saylovda Xasinaning “Avami Ligasi” partiyasi ketma-ket to‘rtinchi muddat g‘alaba qozonganidan so‘ng, ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan yanvar oyidan beri eng katta sinov bo‘ldi.

Namoyishlar hozirda taxminan 170 million kishilik Janubiy Osiyo davlatida hukumatga qarshi kengroq harakatga aylandi. Oxirgi haftalarda kamida 11 ming kishi hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bangladesh qonli namoyishlarga sabab bo‘lgan qarorini bekor qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bangladesh namoyishlar Shayx Xasina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made