Baku va Yerevan bugun tinchlik bitimini imzolaydi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning Oq uyga kelishini intiqlik bilan kutayotganini aytdi. Bu haqda u bugun, 8 avgustga o‘tar kechasi (AQSH vaqti bilan 7 avgust) o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.  

“Men ertaga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning Oq uyga tarixiy tinchlik sammitida ishtirok etish uchun tashrifini intiqlik bilan kutyapman. Bu ikki mamlakat ko‘p yillardan beri urush holatida bo‘lib, minglab insonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab yetakchilar bu urushni tugatishga harakat qilishdi, lekin natija bo‘lmadi, toki “Tramp” paydo bo‘lguncha”, deb yozdi u.

AQSH rahbari o‘zining ma’muriyati uzoq vaqt davomida ikki tomon bilan muzokaralar olib borganini aytib, bugun, 8 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan tinchlik bitimi imzolash marosimini e’lon qildi.

“AQSH, shuningdek, janubiy Kavkazning imkoniyatlarini to‘liq ochishimiz uchun har ikkala davlat bilan iqtisodiy imkoniyatlarni birgalikda rivojlantirishga oid ikki tomonlama kelishuvlarni ham imzolaydi... Bu Armaniston, Ozarbayjon, AQSH va butun dunyo uchun tarixiy kun bo‘ladi. Ko‘rishguncha!” deydi Tramp.

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi joriy yilning 13 mart kuni Ozarbayjon bilan tuzilgan tinchlik shartnomasi matni har ikki tomon tomonidan kelishilgani va Yerevan hujjat imzolanadigan joy va muddatlar bo‘yicha takliflarni muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxon Hojizodaning aytishicha, kelishuv chegaradagi o‘q uzilishini to‘xtatish va Bakuga nisbatan hududiy da’volarni istisno qiluvchi Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish kabi qator shartlar bajarilsa, tuziladi. Bundan tashqari, Ozarbayjon YeXHT Minsk guruhini rasman bekor qilishni talab qilmoqda, bu mamlakat uni eskirgan tuzilma deb biladi. Yerevan Bakuning ayblovlarini rad etadi. 

Shu bilan birga, Pashinyan uning hukumati “mintaqaviy xususiyatga ega” bo‘lishi kerak bo‘lgan yangi konstitutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqish niyatida ekanini ma’lum qildi. U, shuningdek, Baku bilan tinchlik o‘rnatish bilan bir vaqtda Rossiya, AQSH va Fransiya hamraisi bo‘lgan Minsk guruhini tarqatib yuborish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp Prezidentligining ikkinchi muddati boshlangandan beri Hindiston va Pokiston, Isroil va Eron, Kambodja va Tailand, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruanda orasidagi mojarolarni hal qilganini aytib keladi. Pokiston, Isroil va Kambodja Trampning nomzodini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ozarbayjon Armaniston tinchlik bitimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing