Baku Parijni Janubiy Kavkazdagi tinchlikka zid qadamlardan tiyilishga chaqirdi
Olam
−
06 may 2023
4093Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ayxan Hojizoda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonnaning bayonotlarini Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligiga, shuningdek, ommaviy etnik tozalashga uchragan ozarbayjonliklarning huquqlariga hurmatsizlik deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, Ketrin Kolonna yanglishib Ozarbayjonning Qorabog‘ iqtisodiy rayonini Ozarbayjon tarkibidagi "anklav" deb atagan.
“Fransiya vaziriga yana bir bor eslatib o‘tmoqchimanki, Qorabog‘ mintaqasi xalqaro tan olingan suveren hudud va Ozarbayjonning ajralmas qismidir”, deydi Hojizoda.
Shuningdek, u Fransiya vazirining Ozarbayjon tomonidan suveren hududda tashkil etilgan Lochin chegara punkti haqidagi bayonotlarini asossiz ekanini bildirgan. Diplomatning qayd etishicha, Ozarbayjon o‘z chegarasini himoya qiladi va uni kesib o‘tish mamlakat qonunchiligi va xalqaro miqyosda qabul qilingan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
“Fransuz tomoni Janubiy Kavkaz mintaqasida tinchlik va barqarorlikka xizmat qilmaydigan provokatsion va g‘azablantiruvchi bayonotlarga chek qo‘yishi kerak”, degan Hojizoda.
Ma’lumot uchun, Ketrin Kolonna “France Inte” jamoatchilik radiosiga bergan intervyusida Qorabog‘ mintaqasini Ozarbayjon tarkibidagi armanlar yashaydigan anklav deb atagan. U yana bir bor Lochin yo‘li to‘sib qo‘yilganini aytib, uni ochishni talab qilgan.