Baxtiyor Saidov Turkiyaga bordi
Jamiyat
−
18 fevral 2023
8455O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov Turkiyaga bordi. U G‘oziantepda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida xabar berdi.
“Turkiya tashqi ishlar vaziri, qardoshim Mavlud Chavusho‘g‘lu bilan Turkiyaning G‘oziantep shahrida uchrashdim. O‘zbekiston Prezidenti va xalqi nomidan Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilzila munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdim. Ushbu tabiiy ofat oqibatlari barchamizning qalblarimizni chuqur yaraladi. Bu og‘ir paytlarda biz Turkiya bilan birgamiz”, deydi Saidov.
Bu Saidovning Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlanganidan beri birinchi xorijiy tashrifi hisoblanadi.
Joriy yilning 8 fevral kuni Baxtiyor Saidov Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, dahshatli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan hamdardlik kitobiga o‘z qaydini qoldirgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada 7 balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi.
Buning ortidan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi.
Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 39 672 nafarni tashkil etmoqda. 108 mingdan ortiq jarohatlanganlar qayd etildi.
LiveBarchasi