Baxtiyor Saidov xorijlik diplomatlar bilan G‘azodagi vaziyatni muhokama qildi

Jamiyat

image

Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov vazirlik binosida Birlashgan Arab Amirliklari, Jazoir, Iordaniya, Quvayt, Misr, Qatar, Falastin, Saudiya Arabistoni va Isroilning mamlakatdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

“Uchrashuvda boshqa masalalar qatorida G‘azo sektoridagi mavjud vaziyat yuzasidan ham fikr almashdik. Biz yana bir bor barcha tomonlarni tinch aholi orasida minglab insonlar, jumladan, bolalar qurbon bo‘layotgan qurolli mojaroni to‘xtatishga, yechim topish uchun faqat diplomatik vositalar va xalqaro huquq me’yorlaridan foydalanishga chaqiramiz”, deydi Baxtiyor Saidov.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Saidov Falastin Isroil G'azo Tashqi ishlar vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing