Baxtsizlik va tanazzul qaridan muvaffaqiyatli chiqqan “Osiyo marvaridi” yoxud Singapur tajribasi qanday?

Tahlil

image

Qayerdadir o‘qigandim, insoniyat erkinlikka bir kunda erishib qolmaydi. Qachonki, davlat va jamiyat o‘zaro hamkorlik orqali o‘z qobiliyatlarini mustahkamlar va insonlar davlat kuchini nazorat qilish uchun doimo kurashda bo‘lar ekan, erkinlik yo‘lagi uzoq vaqt davomida kengayib boraveradi. Insoniyat tarixida katta hududlarda joylashgan rivojlangan mamlakatlar bilan bir qatorda, kichik davlatlar ham mavjud. Buning yaqqol namunasi sifatida Singapurni ham ko‘rsata olamiz. 

XX asrning o‘rtalariga qadar Angliya mustamlakasi, 1951 yildan esa Britaniya koloniyasi, 1963 yilda Malayziya tarkibiga kirgan Singapur 1965 yil avgustda mustaqillikka erishdi. 63 ta orolchalardan iborat mamlakat tabiiy resurslari yo‘q, hatto, ichimlik suvini ham Malayziyadan olib keladigan uchinchi qashshoq davlat sifatida tanilgandi. Bugun-chi? 

Bugun ushbu davlat rivojlangan mamlakatlar ro‘yxatidan joy olishga ulgurdi. Endi u o‘zining yirik banklariga, osmono‘par binolariga, chiroyli yo‘llar, eng yaxshi ta’lim va rivojlangan sog‘liqni saqlash tizimiga ega. Dunyoda allaqachon “Singapur tajribasi” yoki “Singapur sifati” degan atama paydo bo‘lgan. Mamlakatda birgina yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushi 60 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Singapurning 90 foiz aholisida esa barcha shart-sharoitlarga ega uylar bor. 

Qanday qilib qisqa vaqt ichida bunday natijalarga erishish mumkin? Singapur tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mamlakatni modernizatsiya qilishning to‘rtta asosiy yo‘nalishini ko‘ramiz:

Birinchisi, investitsiya va innovatsiyalarni rivojlantirish vektorini belgilaydigan iqtisodiy islohotlar. 

Singapur Malayziya tarkibidan ajralib chiqqan paytda tabiiy resurslar mavjud bo‘lmagan, kichik bir ichki iqtisodiy bozorga ega davlat bo‘lgan, xolos. Shuningdek, aholining yarmi savodsiz, 14 foizi esa ishsiz, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 516 AQSH dollarini tashkil qilgan.
Li Kuan Yu hukumat rahbarligiga kelgandan so‘ng, Singapurni rivojlantirish uchun, Jahon iqtisodiy rivojlanish strategiyasini asos qilib, Singapurni Janubiy-Sharqiy Osiyodagi moliyaviy savdo markaziga aylantirish uchun harakat qildi. Shu bois o‘zining dastlabki faoliyatini xorijiy sarmoyadorlarni mamlakatga taklif qilishdan boshlagan. Shuningdek, mamlakatni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish uchun mumkin va mumkin bo‘lmagan har qanday choralarni qo‘llagan. 

Natijada, ko‘pgina xalqaro maydonda biznes yuritayotgan amerikalik va boshqa rivojlangan davlatlarning transmilliy kompaniyalari Singapurda keng ko‘lamli, yuqori texnologiyalarga ega, elektron sanoat uchun zamin yaratdi. Bugunga kelib esa, “Osiyo yo‘lbarslari” deya Koreya bilan bir qatorda Singapur ham e’tirof etilmoqda. 5,7 million aholi istiqomat qiladigan ushbu davlatda YAIM 60 ming dollarga teng. Ishsizlik darajasi 2,6 foiz. Yillik daromad har bir fuqaroga 60 ming dollardan yuqori hisoblanadi. Shuningdek, aholining 3 foizi millionerdir. Singapurliklar – jahondagi eng sog‘lom kishilardir.

Ikkinchisi, ijtimoiy modernizatsiya. 

Juda ko‘pchilik tomonidan Malayziya tarkibidan ajralib chiqqan bu mitti mamlakat tez orada demografik tanglikka duch kelishi taxmin qilingan. Chunki, mamlakat aholisining asosini xitoyliklar, malayziyaliklar va hindistonliklar tashkil etardi. Mutaxassislar 3 ta katta sivilizatsiya vakillaridan tarkib topgan ushbu mamlakatni tez orada etnik nizolar o‘chog‘iga aylanib qolishini bashorat qilishgan. Lekin, unday bo‘lmadi!

Hukumat bu holatdan juda yaxshi chiqib ketdi. Millatlar ahil yashashi uchun kerakli choralarni ko‘rdi. Misol uchun, malayalik va xitoylik turmush qursa, ularga kollej ta’limini kafolatladi. Uy-joy masalasini ijobiy hal qilish uchun aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib, zamonaviy uy-joylar qurdi. Kam ta’minlangan aholiga turar joylarni bepul berdi.

Ta’lim tizimini ham e’tiborsiz qoldirmadi. 4 tilli maktablar joriy etilib, ingliz tilini ikkinchi ta’lim tiliga aylantirdi. Ta’lim berish standartini ishlab chiqish uchun katta mablag‘ ajratdi. Ayniqsa, eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etish va ularning nufuzini oshirishga avval boshidanoq alohida e’tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda o‘qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan yollash an’anasi saqlab qolingan.

Uchinchisi, korrupsiyaga qarshi samarali kurash.

Bugungi kunda Singapur dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq, 1950 yillarda pora ochiq tarzda olingan va hatto, bu illat mahalliy hokimiyatlarda an’anaga ham aylanib ulgurgandi. Hukumat rahbari shaxsiy aloqalaridan qat’i nazar korrupsiyani yo‘q qilishni asosiy vazifa qilib belgiladi. Shu vaqtdan boshlab mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus byuro tuzilib, u Bosh vazirga shaxsan hisobot beradigan bo‘ldi. Byuro xodimlariga keng vakolatlar berib, ularga korrupsiyada gumon qilinganlarni qidirish, hibsga olish, ularning qarindoshlari va kafillarini tergov qilish, korrupsiya ishini yuritish jarayonida aniqlangan har qanday huquqbuzarliklarni tekshirish topshirig‘i berildi. 

Vazirlar Mahkamasi a’zolari va hatto, Bosh vazirning qarindoshlari ham korrupsiyada ayblanib, jazolandi. Bir qator yuqori lavozimli amaldorlar qamoqqa tushdi, ko‘plab poraxo‘r amaldorlar mamlakatni tark etdi. Li Kuan Yu korrupsiya bilan qo‘lga tushgan qarindoshlarini ham ayovsiz jazoladi. Misol uchun, yaqin do‘sti 315 ming dollar pora bilan qo‘lga tushganida, hech o‘ylanmasdan uni qamoqqa tashladi. Shuningdek, hukumat rahbari sudya va davlat xizmatchilarining maoshlarini oshirdi. Xususan, Singapur sudyasining maoshi yiliga bir necha yuz ming dollarga yetdi. Mas’uliyatli lavozimlarda ishlaydigan davlat xizmatchilarining ish haqi xususiy korporatsiyalarning top-menejerlari bilan taqqoslanadigan darajaga ko‘tarildi.

Bosh vazir siyosiy idoradagi odamlarga katta maosh to‘lash kerakligini qayta-qayta ta’kidlardi. Qayd etish kerakki, 1989 va 1994 yil Singapurdagi davlat xizmatchilariga dunyodagi eng katta maosh to‘langan. 

Singapur hukumati rahbari Li Kuan Yu ushbu voqealarni eslab, mamlakat rivojlanishi uchun quyidagilarni ta’kidlagan:

“Korrupsiya – Osiyo hayotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri. Odamlar “mukofot”ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, xursandchilik bilan qabul qilishga odatlanib qolishgan. Davlatni rivojlantirishni bu illatni yo‘qotishdan boshlash kerak. Avvalo, “mukofot”larni xush ko‘ruvchi 3 ta yaqin do‘stlarni panjara ortiga tashlash lozim. Chunki, jazoning muqarrarligi korrupsiyani jilovlab turuvchi birinchi omildir. Undan keyin bozor darajasiga mos oylik maoshlarni belgilash darkor. Modomiki, mansabdorlar davlat beradigan oylikka qoniqmas ekan, boshqa birovdan “sovg‘a” olishga majbur bo‘ladi”.

Shunday qilib, hozirda Singapur dunyo bo‘yicha korrupsiyaga qarshi samarali kurashgan davlatlar reytingining 3-o‘rnida qayd etilgan. 

To‘rtinchisi, siyosiy barqarorlik:

Hozirgi davrda Singapur – yuqori farovonlikdagi hayot tarziga ega yirik ishlab chiqarish markazidir. Bu yerda siyosiy jarayon uch ketma-ket bosqich bo‘yicha rivojlanib borgan. Birinchi bosqichda avtoritar rejim joriy etilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda iqtisodiy rivojlanishga urg‘u berilgan, shuningdek, jiddiy siyosiy masalalar ayni shu bosqichda hal etilgan. Uchinchi bosqichda ishlab chiqarish modernizatsiyasi amalga oshirilgan va siyosiy tizim yanada takomillashtirilgan.

Siyosiy jarayonning asosiy ishtirokchisi sifatida davlat, fuqarolik jamiyati, siyosiy partiya va jamoat tashkilotlarining samarali hamkorligi bu davlatda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Singapurda ijro hokimiyati qonun chiqaruvchi hokimiyat ustidan nazorat o‘rnatgan. Chunki aynan davlat vazirliklar orqali muhim strategik qarorlarni qabul qilish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalar ustidan nazoratni amalga oshirish hamda monopoliya huquqlaridan foydalanadi. Hukumat va jamiyat bilan vositachi sifatida aynan siyosiy partiyalar faoliyat olib boradi. Singapurda Yevropa namunasi asosida ko‘p partiyaviylik va Xalq harakati ustunlik qiladi, barcha partiyalar konstitutsion-huquqiy rasmiylashtirilgan, qonuniy maqomga ega bo‘lib siyosiy jarayon va demokratiyaning ajralmas atributi hisoblanadi.

Davlat iqtisodiyot sohalarini keng miqyosda qamrab olgan bo‘lsa-da, bu mamlakat jahon hamjamiyatidan uzib qo‘yilmagan. U boshqa mamlakatlar va umuman xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Mamlakat mana bir necha o‘n yillardan beri o‘z yo‘lidan borish va bu yo‘ldan qaytmaslik tamoyiliga qattiq amal qiladi. Bu yo‘lning mazmun-mohiyati – jamiyatning konkret-tarixiy sharoitini, milliy, diniy, madaniy xususiyatlarini hisobga olish, iqtisodiy taraqqiyotga an’anaviy axloqiy va madaniy qadriyatlar bilan uyg‘unlikda erishishdan iborat.

Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda Singapur dollarining qadri baland. Inflyatsiya darajasi 0,4 foiz. Mamlakatda erkak va ayollar 62 yoshdan pensiyaga chiqishadi. Shuningdek, bu diyor neftni qayta ishlash  bo‘yicha dunyoda eng yirik markaz hisoblanadi. 

Bugungi kunda, Lotin Amerikasi davlatlari, Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi hamda  ta’limni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida "Singapur tajribasi"dan foydalanib kelyapti. Hindiston esa Singapur tajribasiga qarama-qarshi siyosat yuritayotgan Osiyodagi yagona yirik davlatdir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

245

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing