Sho‘rpeshona reformator. Prezidentlikdan panjara ortiga

Tahlil

Murosasiz siyosiy kurashlar orqali hokimyat tepasiga kelish, uni 10 yil davomida boshqarish, mamlakatni sovet siyosiy tuzumi qoldiqlaridan tozalash va modernizatsiya qilish, davlatni tez sur’atlarda jadal rivojlantirish, ammo eng so‘nggida jinoyatchi sifatida qo‘lga olinish va 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilinish, qisqa vaqt ichida salobatli va ko‘rkam siyosatchidan qoqsuyak va achinarli ahvoldagi mahbusga aylanish. Bugungi Siyosiy daho loyihamizning bosh qahramoni Gruziyaning murosasiz va ziddiyatli sobiq prezidenti Mixail Saakashvili.

Chaqimchi Misha

Tbilisining Saburtalin tumanida elitar qatlamga mansub oilalarning farzandlari tahsil oladigan 1-sonli maktab bo‘lgan. Uning yaqinida dars tugashi bilan to‘planuvchi qora Volgalar KPSS sezdi paytidagi avtomobil turargohining manzarasini eslatardi. Oddiy xalq bolalarini uchratish qiyin bo‘lgan bu maktabda deyarli barcha o‘quvchilarning oila a’zolari yo mansabdor, yo bo‘lmasa katta tadbirkor edi. Qahramonimiz Mishaning oilasi va qarindoshlari ham bundan mustasno emasdi. Uning ona tomondan bobosi NKVD rasmiysi, tog‘asi Temur Alasaniya esa Sovet davridagi KGB generali, keyinchalik esa diplomat bo‘lib faoliyat yuritgan yuqori darajadagi mulozim edi.

Misha tabiatan yolg‘izlikni xush ko‘ruvchi, o‘rtoqlariga qo‘shilishni unchalik ham istamaydigan bola sifatida yodda qolgan. Bu uning yagona xilqati emasdi. U o‘qituvchi va maktab ma’muriyatining sinfdagi “qulog‘i” ham bo‘lgan. Barcha sinf bolalari darsdan qochishganda, qahramonimiz bu haqda maktab direktoriga oqizmay-tomizmay aytib berishdan toymagan. “Uni bu ishlar hecham xijolatga solmasdi”, deya eslaydi sinfdoshlaridan biri. Albatta, Misha bu ishi uchun vaqt o‘tib sinfdoshlari tomonidan jazolangan. Oradan vaqt o‘tib, 7-sinfda o‘qishini Veriya tumanidagi 51-maktabga ko‘chirgan Misha eski odatini o‘sha yerda ham davom ettirgani haqida uning eski sinfdoshlari yaxshi eslashadi. Xullas, maktabni yaxshi baholarga bitirgan Mixail o‘zi bilan chaqimchi nomini ham qoldirib ketgan. Oradan yillar o‘tib esa bu chaqimchi, odamovi va o‘zgacha tabiatga ega bolakay kelajakda Gruziyani 10 yilga yaqin boshqaradigan, nafaqat Kavkazortida, balki butun postsovet hududida inqiloblar zanjirini boshlab bergan va tarixda turli obrazlarda nom qoldirgan Mixail Saakashviliga aylanadi.

Sermahsul oliy ta’lim

Saakashvili bosib o‘tgan ta’lim yillari va undagi yo‘llar istalgan talabaning havasini keltiradi. Veriyadagi 51-maktabni tamomlagan Mixail o‘z kelajagini yuridik sohada ko‘rdi. Bu payt hali SSSR parchalanmagan va o‘zini Mixo deb chaqirishlarini yoqtiradigan bu yigit oliy ta’limdagi dastlabki qadamini begona qilishni xohlamagan. Saakashvili Ukraina poytaxti Kiyevdagi Taras Shevchenko nomidagi Xalqaro munosabatlar institutining xalqaro huquq fakultetida tahsil olishni boshlaydi. Saakashvili uchun mazkur dargohdagi eng muhim voqelik bu yerda uning sobiq Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko bilan tanishganidir. Ikki siyosiy arbob Kiyevda bir paytda ta’lim olishgan. Bu yaqinlik keyinchalik yillar o‘tib, Saakashvili va Poroshenko o‘rtasidagi siyosiy ittifoq uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.

Kiyev Mixoning ta’lim sohasidagi so‘nggi manzili emasdi. Kiyevdan so‘ng u o‘qishni G‘arbiy Yevropada davom ettirdi. Fransiya, Italiya va Niderlandiyada bilimlarini oshirgan bo‘lajak siyosatchi, keyinchalik okean ortiga yo‘l oldi. Uning navbatdagi manzili bugungi kunda dunyo universitetlari reytingida top 20 talik ichidan joy oluvchi  Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti bo‘ldi. Ushbu ta’lim dargohi Saakashvili uchun bilim olish yo‘lidagi so‘nggi bekat edi. Shundan so‘ng u 1995 yilgacha 2 yil davomida Nyu-Yorkdagi yuridik xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi firmada ishladi. Bu qahramonimizning sokin va tinch tarzda o‘tgan so‘nggi damlari edi. Undan so‘ng esa Mixoni uzoq yillik mojaroli, muammolarga liq to‘la, qizg‘in va shuning bilan birga shonli tarixiy davr kutib turardi.

Hokimiyat ostonasida

1995 yil. Boltiqbo‘yi va Markaziy Osiyo kabi Kavkazortida ham allaqachon Sovet tuzumining kuni bitgan, tuzum tomonidan okkupatsiya qilingan barcha hududlarda allaqachon milliy davlatlar tashkil topib ulgurgandi. Mustaqillikka erishgach, ularning oldida o‘ziga xos siyosiy kurs ishlab chiqish zarurati suv va havodek zarur edi. Buning uchun esa har bir sohada kuchli mutaxassislar va ayniqsa siyosiy kadrlar kerak bo‘lardi. G‘arbning rivojlangan davlatlaridagi bir qancha nufuzli oliy ta’lim dargohlarida tahsil olgan 28 yoshli Mixail Saakashvili buning uchun yaxshi variant edi. Gruziyaning o‘sha paytdagi rahbari Eduard Shevardnadze partiyasining a’zosi Mixoning do‘sti Zurab Jvaniya uni hokimiyat ostonasida kutib oladi. U Gruziyaga qaytishi bilan darhol 1995 yilning o‘zida “Gruziya fuqarolari ittifoqi” partiyasi vakili sifatida parlamentga saylandi. Hammasi juda tez ro‘y berdi. Saakashvili 1995-98 yillar oralig‘ida Gruziya parlamentining huquqiy masalalar qo‘mitasi rahbari sifatida faoliyat yuritdi. U bu mansabdagi ishlarini huquqiy tizimni to‘laligicha isloh qilish va jazoni liberallashtirishdan boshladi. Xususan, qo‘mita rahbari sifatida qamoqxonalardagi sharoitni yaxshilash ishlariga bosh bo‘ldi. G‘arb tafakkurini yaxshi o‘zlashtirgan Mixo Gruziya siyosiy osmonida asta-sekin nur tarata boshladi.

Saakashvilining siyosatdagi faoliyatiga tezlik bilan bir qatorda barqaror progressiya ham qo‘shildi. 1998 yil avgust oyida u parlamentdagi o‘z partiyasining fraksiyasi rahbari etib saylandi. U siyosiy maydondagi faoliyati davomida faqatgina qonun chiqaruvchi organ bilan cheklanib qolmadi. Xususan, 2000 yil oktyabr oyida Saakashvili Eduard Shevardnadze tomonidan Adliya vaziri etib tayinlandi va unda endilikda ijroiya hokimiyatida ishlash hamda huquq tizimidagi islohotlarni davom ettirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shevardnadzening bu qarori esa o‘z hokimiyatining ag‘darilishi uchun o‘zi tomonidan qo‘yilgan birinchi qadam edi. Buni anglash uchun esa Eduardga bir yil yetarli bo‘ldi.

Saakashvili Adliya vaziri etib tayinlangandan so‘ng 33 yoshida Vazirlar Mahkamasining eng yosh a’zosi bo‘ldi. U vazir sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga juda jiddiy yondashdi. U hatto yig‘ilishlarda Vazirlar Mahkamasidagi hamkasblarining hashamatli saroylari suratlarini ko‘rsatib, janjal chiqarishdan ham qaytmasdi. Saakashvilining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi jonbozligi uning qo‘lidagi asosiy qurolga aylanib bordi. Yuqori darajadagi populizm va “korrupsiya kushandasi” obrazi uning xalq orasidagi reputatsiyasi oshishiga sabab bo‘ldi. Shunday qilib, hukumat tarkibida yangi “qahramon” shakllanib borishi elitadagi to‘qnashuvlar ehtimolini oshirib borardi. Darhaqiqat, bu voqelik o‘zini uzoq kuttirmadi. 2001 yilning avgustida Saakashvili prezident Shevardnadze bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashdi. Shu yili u bir necha yillar davomida birga ishlab kelgan Shevardnadze jamoasini korrupsiyada ayblagan holda hukumatdagi o‘z iste’fosini e’lon qildi. Ushbu harakat hokimiyatni egallash uchun tashlangan dastlabki oshkorona qadam edi. Shu yili o‘tkazilgan saylovlarda qatnashgan holda Mixo parlamentga qayta saylandi va noyabr oyida Shevardnadzega ochiq muxolifat ekanini e’lon qildi. U “Birlashgan milliy harakat” partiyasiga asos soldi. Bu tuzilma uning iqtidorgacha bo‘lgan yo‘lida xalq qo‘lloviga erishishida mashina vazifasini o‘tadi. Keyinchalik Saakashvili Tbilisi shahar kengashi raisi etib saylandi. Bu lavozimda u pensiyalarni oshirdi, maktab darsliklarini tekinga sovg‘a qildi va eskirgan turarjoy binolarini ta’mirlashga shaxsan yordam berdi. Bu ishlarni u qaysi moliyaviy yordam kanallari orqali amalga oshirgani shubhali edi. Bunga javobni esa ko‘pchilik u tomonidan amalga oshirilgan inqilobning qanday turga mansub ekanligiga qarab fahmlashga harakat qiladi. Asosiy gumonlanuvchi esa Postsovet davlatlaridagi rangli inqiloblarning arxitektori milliarder Jorj Soros edi. Saakashvili va Soros hamkorligi to‘g‘risida ortda qolgan yillar davomida juda ko‘p va ho‘p gapirilgan. Ba’zi manbalar Soros Mixail Saakashvilining siyosiy faoliyati uchun sarflagan mablag‘lari bir necha million dollarni tashkil qilishini iddao qiladi.

Shunday qilib, hokimiyat uchun kurash amalda boshlanib bo‘lgandi. Bu paytga kelib amaldagi hokimiyat hushyorlikni yo‘qotgan mahalda kuchli muxolifat shakllanib ulgurgandi. Bu 2003 yilgi parlament va prezidentlik saylovlari arafasida va undan keyin yaqqol namoyon bo‘ldi. Muxolifat tarkibida uch asosiy shaxs Saakashvili, uning do‘sti va “Gruziya fuqarolar ittifoqi” partiyasining sobiq raisi Zurab Jvaniya va parlament spikeri Nino Burdjanadze bor edi. Ular Tbilisi va boshqa shaharlarda ovozlar soxtalashtirilganiga qarshi norozilik namoyishlarini boshladi va Shevardnadze iste’fosini talab qilishdi. Qisqa vaqt ichida norozilik kayfiyati alangaladi. Ikki hafta davom etgan ushbu noroziliklarning so‘nggi manzili parlament binosi bo‘ldi. Ammo ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Jvaniya va Burdjanadze kuch ishlatar tuzilmalarning qarshiligidan xavfsirab, namoyishlarning so‘nggi bosqichida parlament binosiga qarab harakatlanishda ishtirok etmagan. Shunday bo‘lishiga qaramay, 22 noyabr kuni Saakashvili va uning bir guruh tarafdorlari o‘z harakatlarini so‘nggi lahzalargacha davom ettirgan holda parlament binosini qarshiliksiz egallab oldi. Bu paytga kelib Shevardnadze binoni tark etgan holda keng ko‘lamli namoyishlarning ertasi kuni o‘z iste’fosini rasman e’lon qildi.

Boshqaruvdagi ilk kunlar, yo‘qotishlar va omadsizliklar

Boshqaruv kursisi bo‘sh, qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan to‘siqlar deyarli yo‘q, xalqning katta qismi tomonidan ommaviy qo‘llov mavjud va tashqi yordam ham yo‘q emas. Saakashvili tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan birgina ish bu – hokimiyatni rasman egallash edi. Saylov natijalari bekor qilindi va 2004 yil yanvar oyida yangi saylovlar boshlandi. Takroran o‘tgan saylovda Saakashvili 96 foiz ovoz bilan Prezident etib saylandi va sobiq Sovet davlatlari orasida eng yosh rahbarga aylandi. Bu paytga kelib u 36 yoshda edi. Zudlik bilan juda uzun islohotlar karvoni yo‘lga chiqdi. Mamlakatda chuqur reforma boshlandi. Ammo islohotlar muammo va katta yo‘qotishlar bilan doim yonma-yon yurdi. Boshqaruvning dastlabki yillarini Mixo juda katta yo‘qotishlar bilan boshladi. Ulardan eng jiddiy va achinarlisi bu – uning uzoq yillik do‘sti va iqtidorga kelishidagi birinchi raqamli sababchisi, mamlakatning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Zurab Jvaniya edi.

2005 yil 3 fevralda Zurab Jvaniya Tbilisida joylashgan Saburtalinskaya ko‘chasidagi kvartiraga do‘sti, Gruziya Prezidentining Kvemo-Kartli viloyatidagi komissar o‘rinbosari Raul Yusupov bilan uchrashish uchun keladi. Jvaniya qo‘riqchilariga bir necha soatdan keyin qaytib kelishlarini aytib, ularga ruxsat beradi. Oradan vaqt o‘tib, qo‘riqchilar telefon orqali Jvaniya bilan bog‘lana olmaydi. Vaziyat shubhali ekanini payqagan tansoqchilar ikki mansabdor kirib ketgan kvartiraning deraza panjaralarini sindirib uy ichiga kirishadi. Uyga kirishganda esa ne ko‘z bilan qarashsinki, gaz isi bilan to‘ldirilgan xonada Jvaniya va Yusupovning jasadlarini ko‘rishadi. Har qalay bu Jvaniya o‘limi haqidagi rasmiy versiya hisoblanadi. Ammo Saakashvili prezidentlikni tark etgandan so‘ng, Gruziya elitasiga kelgan yangi boshqaruvchilar Jvaniyaning o‘limi haqida yangi tergov harakatlarini boshlashni taklif qilganlariga qaraganda, bu sirli o‘limning boshqa biz bilmagan ssenariylari ham bor bo‘lishi mumkin.

Saakashvili o‘zining uslubi va siyosiy qarashlariga mutlaqo zid bo‘lgan harbiy kuch sohasida ham bir qator muammolarga duch keldi. Umuman olganda, u bu sohada deyarli omadi kelmadi. Gruziyaning uzoq yillik muammosi bo‘lgan separatistik hududlardagi harakat bu davrga kelib qaynay boshladi. Abxaziya, Janubiy Osetiya va Ajariya kabi ma’muriy hududlar shular jumlasidandir. Hududiy yaxlitlik masalasiga jiddiy putur yetkazayotgan nuqtalarga qarshi harakatlarni boshlagan Saakashvili ularni birma-bir kuch bilan bo‘ysundirishga kirishgandi. Bu uning hokimiyatdagi dastlabki yirik xatosi edi. Mixail bu ishi orqali katta tavakkalchilikka qo‘l urayotganini bilardi. Chunki yuqorida nomlari keltirilgan hududlardagi separatistlarni Kreml to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab kelayotgani hech kimga sir emasdi. Aynan shuning uchun harakatlarning katta qismi muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi, ularning ayrimlari hatto juda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqardi.

Saakashvili 2004 yil avgustida Janubiy Osetiyaga qo‘shin jo‘natib, “isyonkor hududlar” ustidan nazoratni tiklashga urindi, biroq ular o‘nlab odamlarini yo‘qotib, chekinishga majbur bo‘ldi. Nafaqat o‘sha urush, balki uning atrofidagi voqeliklar Mixoning obro‘yiga doimiy salbiy ta’sir qiluvchi omilga aylandi. Sababi, urushda qancha askar qurbon bo‘lgani haqida biron bir ma’lumotlarga ishonish qiyin, chunki bu haqida juda xilma-xil taxminlar bor. Eng qizig‘i, Saakashvilining tanqidchilariga ko‘ra, bu urush qurbonlari bilan bog‘liq masala ko‘tarilmasligiga sabab – urushga asosan chekka qishloqlardagi yosh yigitlar jalb qilinganidir.

Keyinchalik isyonkor Abxaziya bilan ham shunday voqea sodir bo‘ldi. Ammo Saakashvili ma’muriyati bunday to‘qnashuvlarning barchasida ham mag‘lub bo‘lavermagan. U ilgari keng avtonomiyaga ega bo‘lgan va markaziy hukumatga deyarli bo‘ysunmaydigan, Turkiyaga ko‘proq moyil bo‘lgan janubiy Gruziyadagi isyonkor Ajariyani nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ladi. Bu g‘alaba o‘sha paytdagi siyosiy elitaga osetinlar va Abxaziya bilan sodir bo‘lgan mag‘lubiyatlarni bir muncha xaspo‘shlashga yordam bergan.

Qora dog‘lar

2006 yilda yosh liberallar jinoyat va korrupsiyaga qarshi toqatsizlik harakatini e’lon qildi. Eshitilishidan tantanavor ruhdagi bu qadam amalda oxiri ko‘rinmas, ommaviy qamoqqa olish jarayoniga start berilganini anglatardi. Shunday ham bo‘ldi. O‘sha paytlarda jazoni ijro etish muassasalari xo‘l-u-quruq bilan birdek to‘lganligi iddao qilinadi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qisqa davr ichida qamoqxonalarda 300 mingdan ortiq mahbus saqlangan. Bu raqam Gruziya aholisining o‘ndan bir qismini tashkil qilishini hisobga olsak, ushbu ma’lumotlar haqiqatdan mutlaqo yiroq ekanini anglashimiz qiyin emas. Ammo inson huquqlari aktivistlarining ma’lum qilishicha, Saakashvili davrida mahbuslar soni ilgarigiga nisbatan 3 barobar oshgan. Umuman olganda, ozodlikdan mahrum qilish jazosini keragidan ko‘p qo‘llagan Gruziya hukumatining harakatlari hatto G‘arbdagi hamkorlarining ham jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lganini hisobga olsak, aktivistlarning ma’lumotlariga bemalol ishonsak bo‘ladi. Ammo 300 mingdan ortiq mahbus saqlanganligi haqidagi ayblovlarga sog‘lom aql hech qachon aldanmaydi.

Siyosiy tizimga endi qo‘shilgan paytlari huquq tizimining bosh islohotchisi va qamoqxonalardagi sharoitni yaxshilagan inson sifatida tanilgan Mixail Saakashvili ushbu ikki tizimda keyinchalik katta “qovun” tushirdi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda uning davrida qamoqxonalar sharoiti aslida dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatilgandek bo‘lmagan. Ammo u huquq tizimida bundan-da qo‘pol xatoga ham yo‘l qo‘ygandi. Mamlakat qonunchiligida Saakashvili tomonidan yo‘l qo‘yilgan eng qo‘pol xatolik bu – jinoiy javobgarlik yoshini 12 yoshgacha tushirib qo‘yilganligidir. Bu 12 yoshdagi bolakay ham ayrim jinoyatlar uchun jazolanishini anglatardi. Dunyoning ko‘plab davlatlarida 14-15 yoshni tashkil qiluvchi bu tartib Gruziyada to‘satdan 12 yoshgacha pasaytirilgani mamlakatdagi huquq tizimiga nisbatan nafratni behad kuchaytirib yuboradi. Biroq bu xatolik u hokimiyatdan ketgandan so‘ng to‘g‘rilandi va hozir ushbu mamlakatda jinoiy javobgarlik yoshi 14 yoshni tashkil etadi.

Inqilobiy islohotlar

36 yoshli qiziqqon va janjalkash Mixail Saakashvili hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng o‘zgarishlar juda tez boshlandi. Bu yo‘lda qilingan eng birinchi ish kadrlar almashinuvi bo‘ldi. Eng muhim lavozimlarga tayinlashda yosh va tajribaga deyarli e’tibor berilmadi. Davlat boshqaruvidagi yuqori mansablarda hali 30 yoshga to‘lmagan yoshlarni ko‘rish mumkin edi. Chunki Saakashvili davlat tepasiga kelganda “menga 40 yoshdagi kadrlar va qarindoshlarim kerak emas” deb aytgandi. Tan olish kerakki, u siyosiy faoliyati davomida o‘zining ushbu prinsipiga qat’iy amal qildi. Hatto universitetni endi tamomlagan yoshlarga ham ayrim muhim lavozimlar topshirildi. Albatta, bularning barchasi alohida suhbat o‘tkazishlar asosida amalga oshirildi. Yangi siyosiy elitaga tadbirkorlar ham jalb qilindi va, eng qizig‘i, shu tadbirkorlardan biri Kaxa Bendukidze Gruziya rivojida muhim rol o‘ynagan bir qancha islohotlarning bosh arxitektorlaridan biri bo‘ldi. Son-sanoqsiz yangi islohotlarga start berildi. Saakashvili o‘z ishini siyosiy elitani tozalashdan boshladi. Kadrlar siyosatidagi o‘zgacha uslubiyati bilan hali uzoq vaqt eslanuvchi Saakashvili, bu sohada o‘ziga xos “shafqatsiz” rahbar bo‘lib tanildi. Tajribada deyarli uchramaydigan, qisqa vaqt ichida 13 000 kishini ishdan bo‘shatish amaliyoti ko‘pchilikni gangitib qo‘ydi. Mazkur qaror unga qarshi bo‘lgan ayrim tor doiralarning noroziliklariga sabab bo‘lmay qolmasdi. Chunki menyuni tubdan o‘zgartirish dasturxon tepasida turgan xo‘randalarning tabini xira qilishi tabiiy hol edi. U hokimiyat tepasiga kelgan dastlabki yillarini oldingi ma’muriyat davrida gullab-yashnagan korrupsioner amaldorlar va ularga aloqador bo‘lgan biznesmenlarni hibsga olish bilan boshlaydi. Bu hali hammasi emasdi. Mamlakatda byurokratiyaning har qanday ko‘rinishi yo‘q qilindi. Xususan, Saakashvili tomonidan tayinlagan Iqtisodiyot vaziri, taniqli tadbirkor Kaxa Bendukidze korrupsiya manbalari bo‘lgan ko‘plab nazorat qiluvchi organlarni yo‘q qilish haqidagi tavsiyasi ortidan bir qancha samarasiz va byurokratik to‘siqdan boshqa hech narsaga yaramaydigan davlat muassasalari tugatiladi. Bozor iqtisodiyotining asosiy talabi bo‘lgan xususiylashtirish jadal olib borildi. Iqtisodiyot davlat qaramog‘idan ozod qilindi. 2007-2008 yillarga kelib bu tub islohotlar o‘z so‘zini aytdi. Aholisi atigi 3 million, hududi esa 69 ming kv.km bo‘lgan bu mamlakat butun dunyo ko‘z o‘ngida iqtisodiy mo‘’jiza namoyish etdi. Kavkazorti hududida kutilmaganda ijobiy portlash yuz berdi. G‘arbda ta’lim olgan, liberal ruhdagi yoshlar ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirishda ancha ter to‘kishdi. Bu ishlarni amalga oshirishda milliy qadriyatlar ham birmuncha chetga surildi. Liberalizmga zid bo‘lgan milliy qarashlar hukumat tomonidan rad etilgani o‘sha paytda va hatto bugun ham gruzinlar tomonidan keskin tanqidga uchraydi. Sababi Saakashvili “islohotlar natijasini mustahkamlovchi asosiy omil mentalitetdir” deya juda ko‘p bor ta’kidlab o‘tgan. Tanqidchilar Saakashvilini Gruziya xalqining genofondini yo‘q qilganlikda ayblagan holda, bunga uning yuqoridagi fikrini asos qilib keltirishadi.

Saakashvili boshqaruvga kelganida ham korrupsiyaga qarshi toqatsizlik xarakterini namoyish etishda davom etdi. U buni butun prezidentlik faoliyati davomida, hatto Ukrainadagi gubernatorlik davrida ham juda ko‘p dastaklagan. Umuman olganda, Mixoning prezidentlik davri, prezidentlikdan oldingi va keyingi davrlari uch bosqichda tahlil qilinadigan bo‘lsa, Saakashvili ularning barchasida aholining eng og‘riqli nuqtasi hisoblangan korrupsiya muammosini kun tartibiga qo‘yish orqali xalqning “Robin Gud”iga aylangan.

Bundan tashqari, Saakashvili ma’muriyati tomonidan qilingan, natijasi aniq ko‘rinuvchi yana bir qancha islohotlar ham bor edi. Xususan, 2004 yilning yozida barcha yo‘l politsiyasi xodimlari bir lahzada ishdan bo‘shatildi. Ularning o‘rniga kichik, ammo yuqori haq to‘lanadigan ixcham va samarali politsiya patruli yaratildi. Saakashvili ma’muriyati o‘sha paytda ta’kidlashicha, bu islohot pora olmaydigan va qonunbuzarliklarga qarshi sifatli tarzda kurashuvchi tizim edi. Oliy ta’limda ham bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Yoshi katta mutaxassislarga tizimdan chiqish eshiklari ko‘rsatilgan. Milliy imtihon joriy etilishi orqali universitetlarga kirishda korrupsiya holatlari deyarli yo‘q qilingan. Bu davrda Gruziyada Adliya uyi ham ochilgandi. Bu fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus muassasa bo‘lib, ular tezda pasport yoki boshqa hujjatlarni shu joyning o‘zida rasmiylashtirish, ko‘chmas mulk yoki tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin edi. 2003 yildan 2012 yilgacha davlatning amaldagi daromadi deyarli o‘n baravar o‘sdi. Pensiyalar ham 2003 yildagi 14 laridan (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha taxminan 7 dollar) 2012 yilda 150 larigacha (taxminan 90 dollar) oshdi. Gruziyaga tashrif buyurgan rossiyalik yozuvchi va iqtisodchi Larisa Burakova yuqorida so‘z yuritilgan islohotlarning natijasini amalda o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligini qayd etgan.

Hokimiyatdagi so‘nggi kunlar va undan keyingi darbadarlik

Qahramonimiz ikkinchi bor prezidentlik muddatiga saylanishi xalqaro doirada qo‘llab-quvvatlanganiga qaramay, uning hokimiyatda uzoq qolmasligiga bir qancha sabablar yig‘ilib qolgandi. Janubiy Osetiya va Abxaziyaning boy berilishi, muxolifat vakillarining hibsga olinishi, namoyishlarni kuch bilan tarqatish, bu – Saakashvili hokimiyatining umri oxirlab qolayotganidan dalolat edi. Bu paytga kelib Konstitutsiya yangilangan, Mixo esa endilikda Prezident sifatida emas, balki parlamentar respublika shakliga o‘tgan Gruziyani Bosh vazir sifatida idora qilishi mumkin edi. Biroq ikkinchi prezidentlik mandati yakunlanishi arafasida Saakashviliga jiddiy raqib ro‘baro‘ keldi. Bu – dunyo miqyosidagi milliarder Bidzina Grigorevich Ivanishvili edi. U ilk bor 2011 yil oktyabr oyida hokimiyat uchun kurashga qo‘shilganini e’lon qiladi.

Gruziyada ko‘p yillar davomida xayriyachi va insonparvar sifatida obro‘ga ega bo‘lgan milliarder o‘z atrofida kuchli siyosiy ittifoqini to‘pladi va Saakashvili uchun yanada xavfli raqibga aylandi. Mixoning ma’muriyati Ivanishvilining yangi telekompaniyasiga muammolar yaratishga chirandi. Bundan tashqari, Ivanishvilini Putinning “qurilmasi” deb targ‘ib qilishdi. Bunga sabab Bidzina boyligining katta qismi SSSR va uning vorisi bo‘lgan Rossiya bilan bog‘liq edi. Lekin Saakashvili boshchiligidagi ma’muriyatning bu harakatlari aks ta’sir berdi. Bu paytda Bidzinaning klani ham jim o‘tirmadi. Uning telekompaniyasi saylovlar arafasida Gruziya qamoqxonalaridagi mahbuslarning tahqirlangani haqidagi yashirin tasvirlarni efirga uzatish orqali jiddiy yurishni amalga oshirdi. Bu videotasvirlarda gruziyalik qamoqxona qo‘riqchilari mahbuslarni kaltaklagani va boshqa ko‘rinishlardagi zo‘ravonliklarni qilayotgani aks etgandi. Saakashvilining so‘nggi paytlardagi qamoqxonalar bilan bog‘liq sirli siyosati o‘zining boshiga yetdi. Shunday qilib, bularning barchasi 2012 yil 1 oktyabrdagi saylov natijalariga ta’sir qildi. Saakashvilining partiyasi to‘qqiz yillik nazoratdan so‘ng hokimiyatni qo‘ldan boy berdi va uning o‘rnini Ivanishvilining “Gruziya orzusi” partiyasi egalladi.

Ziddiyatli siyosatchi bu vaqt oralig‘ida o‘zining yangi hukumat tomonidan ta’qib qilinishidan xavotirlangani sababli mamlakat hududini tark etgandi. Shu paytdan boshlab uning hayotida yangi davr boshlandi. U Massachusets shtatidagi Tafts universitetining huquq va diplomatiya fakultetida ma’ruzachi bo‘lib faoliyat yurita boshladi. Biroq uning bu yerdagi yangi faoliyati uzoqqa cho‘zilmaydi. Rangli inqiloblar uzoq yil tin olgandan so‘ng mazkur jarayon yana dunyo sahnasiga qaytdi. 2014 yilda Ukrainada sodir bo‘lgan inqilob natijasida zaif, Kreml qo‘g‘irchog‘i Viktor Yanukovich boshqaruvni tark etdi va uning o‘rnini Saakashvilining eski qadrdoni Pyotr Poroshenko egalladi. Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga va’da bergan holda boshqaruvga kelgan biznesmen bu yo‘lda atrofiga g‘arbparast siyosatchilarni yig‘ishi lozim edi. Saakashvilining portfoliosi esa bu talabga mutlaqo javob bera olardi. Siyosatdan nafas oluvchi Saakashvili tez orada o‘z ishiga qaytadi, faqat bu safar boshqa davlat va boshqa darajada.  

2015 yil Ukraina fuqaroligini qo‘lga kiritgan Saakashvili Odessani gubernator sifatida boshqara boshlaydi. Undagi tajriba tufayli Ukraina siyosiy elitasi va xalqi Saakashvilidan juda ko‘p narsa kutayotgandi. Lekin reformalar har doim ham yuqori sifatda takrorlanavermaydi. Buning ustiga o‘sha paytda qiziqqon sobiq reformatorning eski kasali yana qaytaladi va o‘z davlatida bo‘lgani kabi bu yerda ham mamlakatning amaldagi prezidentini korrupsiyaga qarshi juda sust kurashishda aybladi va gubernatorlik lavozimini tark etishini e’lon qildi. Saakashvili Gruziyada qanday hokimiyatga kelgan bo‘lsa, Ukrainada ham shunday ishni amalga oshirmoqchi bo‘ldi. U Poroshenkoni korrupsiyada ayblab, gubernatorlik lavozimini tark etgandan so‘ng Poroshenkoga qarshi muxolifat pozitsiyasidan joy oldi. Biroq o‘sha paytda Saakashvili AQSHga tashrif buyurganidan ustomonlik bilan foydalangan Poroshenko uni mamlakat fuqaroligidan mahrum qildi. Shundan so‘ng Saakashvili Ukrainaga Polsha orqali qaytgan, biroq 2018 yilning fevralida hibsga olingan va Polshaga deportatsiya qilingan. U rafiqasi fuqarolikka ega bo‘lgan Niderlandiyaga ko‘chib o‘tdi va u yerdan o‘qituvchi sifatida ish topdi. Ammo 2019 yilda unga yana Ukraina fuqaroligi taqdim qilindi. Bu safar Saakashviliga bunday imkoniyat yangi Prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan taqdim qilingandi. 2020 yilning may oyida Zelenskiy Saakashvilini o‘zining Islohotlar ijroiya qo‘mitasiga rahbar etib tayinladi. Ammo umrining oxirida bir joyda qo‘nim topa olmagan Saakashvili oxiri qopqonga tushadi.

Gruziyadagi 2020 yilgi parlament saylovlariga bir necha hafta qolganida Saakashvili Ukrainadan Gruziyaga qaytish niyatini bildirdi. Fuqaroligi yo‘qligi va mamlakatga qaytgandan keyin qamoqqa olinish tahdidiga qaramay, “Birlashgan xalq harakati” uni ertasi kuni bosh vazirlikka nomzod qilib ko‘rsatdi. Biroq mazkur partiya saylovda yutqazdi va Saakashvili Ukrainada qoldi. Oktyabr oyidagi munitsipal saylovlar oldidan saylovchilarni faollashtirish maqsadida u keyingi yili yana Gruziyaga qaytib keladi. U qaytib kelganini e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib hibsga olinadi.

Achinarli xotima

Saakashvili xorijdagi bir necha davlatlar orasida “bo‘zchining mokisidek qatnab yurgan” paytda 2014 yilda Gruziya Bosh prokuraturasi unga qarshi bir qator jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Bu ishlar quyidagilardan iborat edi:

1. Bank xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishi munosabati bilan mansab vakolatini suiiste’mol qilish (u Tbilisi chekkasida Ichki ishlar vazirligining yuqori mansabdor shaxslari bilan restoranda janjaldan keyin o‘lik holda topilgan). Mazkur ish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining to‘rt nafar xodimi sudlangan, biroq amnistiyaga ko‘ra qisqa vaqt ichida ozodlikka chiqarilgan. O‘lim yuzasidan olib borilgan tergov xulosasiga ko‘ra, Saakashvili haqiqiy jinoyatchilarni yashirgan.

2. 7 noyabrdagi namoyishni tarqatish va Imedi telekanaliga bostirib kirish munosabati bilan rasmiy hokimiyatdan haddan tashqari foydalanish.

3. Davlat mablag‘larini isrof qilish. Bu masala bo‘yicha ommaga oshkor bo‘lgan birinchi ish prezidentga oltita kurtka sotib olish hamda davlat hisobidan sushi-barda tushlik qilish bo‘yicha edi. Keyinchalik zamonaviy mehmonxonalarda qolish, kosmetika klinikalariga tashrif buyurish, massaj va kiyim-kechak sotib olish kabi ayblovlar hukumat hisoblariga qo‘shildi. Umumiy sarflangan summa 8,8 million lari (taxminan 3,3 million dollar)ni tashkil etdi. Ushbu ish yuzasidan Gruziyadagi Saakashvilining oilasiga tegishli mol-mulk, jumladan, uning Kaxetiyadagi dachasi (dam olish qishlog‘i uyi), rafiqasi Sandra Rulofsga tegishli kvartirasi musodara qilingan.

4. 2021 yilda Gruziya davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish.

Qo‘lga olingandan so‘ng siyosatchining so‘nggi 2 yarim yilgi holati ko‘pchilikka ayon. Uning ustidan bir qancha sud jarayonlari o‘tkazildi. Bu vaqt oralig‘ida ochlik e’lon qilgan Saakashvili qoq suyak bo‘lib qoldi, ruhiy holati buzildi, sog‘lig‘i keskin tarzda og‘irlashdi va hatto 17 ta kasallik bo‘yicha tashxis qo‘yilgan damlar ham bo‘ldi. Shuncha azoblarning ustiga bugun xususiy klinikada davolanayotgan Saakashvili sog‘lig‘i tiklanishi bilan darhol o‘ziga hukm qilingan 9 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashi lozim. Qamoqxonadan shifoxonaga, shifoxonadan qamoqxonaga. Bu siyosiy karerasi tarixga muhrlangan, postsovet dunyosida yangi davrni boshlagan siyosiy dahoning bugungi ahvoli. Bu ham yetmaganday, joriy yil avgust oyida Saakashviliga nisbatan yana bir ayblov e’lon qilindi. Gruziya prokuraturasiga ko‘ra, u chegarani kesib o‘tgan mahalda bunga guvoh bo‘lganlarga nisbatan Saakashvili tomonidan bosim o‘tkazilgan. Xulosa shuki, sobiq Gruziya Prezidenti bugun har tomondan siquvga olingan va ayni damda sho‘rlikning ahvoli juda achinarli. Kurashuvchanlik va taslim bo‘lmaslik qon-qoniga singib ketgan Saakashvili ozodlikda bo‘lsa, uning hokimiyat uchun kurashga kirmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Shunday ekan, ayni paytda siyosiy raqiblari Mixoni har qanday yo‘l bilan siyosiy maydondan yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Hatto ma’lum muddat ilgari unga siyosatdan ketish haqida ochiqdan ochiq tavsiyalar ham yangradi. Sodda qilib aytganda esa bugun Gruziyada hukmron bo‘lgan va rossiyaparast ekanligi aytiladigan “Gruziya orzusi partiyasi” o‘z siyosiy karerasi davomida Kreml uchun haqiqiy bosh og‘riq bo‘lgan Mixail Saakashvilini ham ruhan, ham jismonan yo‘q qilishga jiddiy bel bog‘lagandek taassurot uyg‘otmoqda.

Reformatorlar baxtli bo‘lishmaydi

Saakashvilining Gruziya taraqqiyoti uchun qilgan sa’y-harakatlari ko‘plab soha mutaxassislarining e’tirofiga sabab bo‘lishiga qaramay, bu siyosiy daho “reformatorlar baxtli bo‘lishmaydi” degan qoidaning qurboni bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Saakashvili atrofida bir-biriga tubdan qarshi bo‘lgan ikki xil fikr mavjud bo‘lib qolaveradi. Kimdir uni davlat poydevorini qurgan islohotchi sifatida tanisa, boshqalar uni shunchaki G‘arbning mintaqadagi kontratseptiv vositasi deb biladi. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham siyosiy lider hammani xursand qilishi ilojsiz. Bu o‘rinda “agar hammani birdek xursand qilishni xohlasang, lider emas, balki muzqaymoq sotuvchisi bo‘l” degan naql Saakashvili siyosiy faoliyatining mohiyatini ma’lum ma’noda ochib berishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Mixail Saakashvili Reformator

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing