Bag‘dodiydan keyingi ISHID oliy rahnamosi o‘ldirildi
Olam
−
03 fevral 2022
13244AQSH maxsus kuchlari Suriyada o‘tkazilgan operatsiya davomida Al-Bag‘dodiydan keyingi ISHID rahbari etib tayinlangan Abu Ibrohim al-Hoshim al-Qurayshiyni yo‘q qildi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 3 fevral kuni Suriya shimoli-g‘arbida o‘tkazilgan kontrterrorizm missiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
Prezident Baydenga ko‘ra, maxsus tadbir kecha, 2 fevral kuni kechqurun o‘tkazilgan.
Bildirilishicha, ushbu maxsus operatsiya 2019 yil AQSH ISHID sobiq rahbari Al-Bag‘dodiy o‘ldirilishi ortidan o‘tkazilgan eng yirik harbiy amaliyot sanaladi.
“Jasur va tajribali harbiylarimiz sharofati bilan kechagi maxsus operatsiya mobaynida ISHID oliy rahnamosi Abu Ibrohim al-Hoshim al-Qurayshiy o‘ldirildi. Jang maydonidan barcha Amerika fuqarolari va harbiylar vatanga sog‘-omon qaytishdi”, deya ta’kidlagan AQSH Prezidenti.
“White Helmets” Suriya fuqaro mudofaasi guruhining bildirishicha, o‘tkazilgan reyd chog‘ida yana 13 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning 6 nafari yosh bolalar va 4 nafari ayollar ekani aytilmoqda.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbiga ko‘ra, missiya Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlar va harakatlarni nazorat qiluvchi AQSH Markaziy qo‘mondonligi tomonidan amalga oshirilgan.
Hozircha Pentagon maxsus operatsiya bo‘yicha ortiqcha ma’lumotlarni ochiqlamagan. Ammo, voqayega guvoh bo‘lganlar va qutqaruv guruhining CNN’ga bildirishicha, AQSH havo kuchlari tun yarmida Suriya-Turkiya chegarasida joylashgan Atmeh hududidagi jangrilar qarorgohiga havodan snaryad tashlagan.
Nobud bo‘lgan 13 kishidan tashqari yana 2 kishining jarohat olgani ham bildirilmoqda.
Voqeaga guvoh mahalliy aholi vakilining qo‘shimcha qilishicha, hujum davomida bino kamida uchta AQSH harbiy vertolyoti tomonidan bir necha daqiqa davomida tinimsiz o‘qqa tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, reyd o‘tkazilgan binoda ISHIDdan tashqari Al-Qoidaga aloqador Hayyat Tahrir ash-Sham guruhi vakillari ham bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH harbiylari yo‘q qilgani aytilayotgan Abu Ibrohim al-Hoshim al-Qurayshiy 2019 yil 31 oktyabrdan buyon ISHID oliy rahnamosi edi. U 2019 yilda Qo‘shma Shtatlar maxsus kuchlari o‘ldirgan ISHID sobiq rahnamosi Al-Bag‘dodiy o‘rniga tayinlangan.
LiveBarchasi