Ba’zi siyosatchilar ChatGPT yordamida nutqlarni tayyorlamoqda – To‘qayev
Olam
−
27 iyun 7785 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ba’zi siyosiy yetakchilar ChatGPT sun’iy intellektidan foydalanib, nutqlarini yozayotgani haqida hazil qildi. Bu haqda u kecha, 26 iyun kuni Minskda Yevrosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisida so‘z ochdi.
“Bugungi kunda sun’iy intellekt aloqa, transport, energetika, ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi an’anaviy ko‘rinadigan sohalarga joriy etilmoqda. Albatta, sun’iy intellektni joriy etish bilan bog‘liq salbiy jihatlar ham bor. Mana ChatGPT. Talabalar ushbu vositadan foydalanadi. Aytishlaricha, ba’zi siyosiy rahbarlar ham to‘g‘ri nutq tuzishda yordam berish uchun ChatGPT'ga murojaat qiladi”, dedi u.
Shu bilan birga, Qozog‘iston Prezidenti bu sun’iy intellekt va umuman raqamlashtirishning “yon ta’siri” ekanini ta’kidladi.
“Ammo hozir usiz qilolmaymiz. Aytish mumkinki, bu global taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi”, dedi To‘qayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, prognozlarga ko‘ra, raqamlashtirish va sun’iy intellekt 2030 yilga borib jahon yalpi ichki mahsulotiga 15 trillion dollardan ko‘proq daromad keltirishi va 300 milliongacha ish o‘rni o‘rnini bosishi, biroq “mutlaqo yangi kasblarni yaratishi” mumkin.
“Va bu yangi kasblar nima? Keling, birgalikda o‘ylab ko‘raylik va, ta’bir joiz bo‘lsa, prognoz qilishga harakat qilaylik. Sun’iy intellekt qayerdan paydo bo‘lishi, kimning o‘rnini egallashi hozircha aniq emas”, deya taklif qildi u.
To‘qayev, shuningdek, Qozog‘istonda raqamli infratuzilma faol rivojlanayotganini ta’kidladi.
“Men shaxsan bu ishda ishtirok etaman. Biz milliy raqamli infratuzilmani izchil rivojlantirmoqdamiz va yaqin kelajakda biz eng yuqori hisoblash quvvatiga ega superkompyuterni ishga tushiramiz. Uning resurslari ilmiy tadqiqotlar, modellashtirish, katta ma’lumotlarni qayta ishlash va eng murakkab muhandislik muammolarini hal qilishga yo‘naltiriladi”, dedi u.
Prezident dunyoning yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan kamida ikki yarim yil davomida shaxsan muzokaralar olib borganini ta’kidladi hamda respublikada sun’iy intellektni tartibga soluvchi qonun qabul qilishga hozirlik ko‘rilayotganini eslatdi.
“Ishonchim komilki, davlatlarning tizimli va qat’iy siyosati, Yevrosiyo makonida ularning sa’y-harakatlarini birlashtirish sun’iy intellektni barqaror o‘sish va iqtisodiyotimizning global raqobatbardoshligi manbaiga aylantiradi. Qozog‘istonga kelsak, biz iqtisodiy integratsiyani yanada mustahkamlash va rivojlantirish tarafdorimiz va Yevrosiyo makonida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tizimli, samarali hamkorlikda ish olib borishga tayyormiz”, dedi u.
Live
Barchasi