Aziz Voitov sudi jonli efirga uzatilishi lozim – Antikorrupsiya agentligi
Jamiyat
−
06 Sentabr
9510Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 kishiga oid sud ishi telekanallar va internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi lozim. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparov ma’lum qildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan. Shunga asosan, agentlik mazkur sud majlisi yuqoridagi Farmon talablari asosida jamoatchilik uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq ekanligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasining (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandi, 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-modda (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. 29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“ va 6 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sudlanuvchilar va advokatlarning ommaviy axborot vositalari xodimlarining sud majlisiga kirishini taqiqlash bo‘yicha iltimosnomasi sabab jurnalistlar sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsning sudini yoritolmasligi xabar qilingandi. Kecha, 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisida ham ko‘plab advokatlar sudda OAV ishtirokiga keskin e’tiroz bildirgandi. Ular hatto jurnalistlarni “xorij agenti”, “xabarlarni bo‘rttiruvchi” deya ta’riflagan.
LiveBarchasi