Azim Mullaxonov onasi ishlagan teatrga direktor etib tayinlandi
Madaniyat-san’at
−
22 fevral 2023
19675O‘zbekiston va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mallaxonov Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori lavozimiga tayinlandi. Tayinlov bugun, 22 fevral kuni amalga oshirilgan.
Bugunning o‘ziida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari va teatr jamoasi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ishtirok etib, jamoaga Azim Mullaxonovni tanishtirgan.
Shuningdek, yig‘ilishda jamoaga teatrning yangi bosh rejissyori etib Doston Haqberdiyev tanishtirilgan.
Azim Mullaxonov san’atkor o‘laroq teatr va aktyorlikdan uzoq bo‘lsada, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri uning hayotida muhim o‘ringa ega. U umrining so‘nggiga qadar Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida ishlagan O‘zbekiston xalq artisti Farog‘at Rahmatovaning yakkayu yolg‘iz o‘g‘li. Farog‘at Rahmatova 2014 yil 88 yoshida vafot etgan.
Ma’lumot uchun, Azim Mullaxonov 1960 yilning 17 fevral kuni Toshkentda tug‘ilgan. Uning san’at sohasiga kirib kelishi yoshlik kezlariga borib taqaladi. 15 yoshida u Muqimiy teatriga ovoz muhandisi sifatida ishga qabul qilingan. Undan so‘ng O‘zbekiston xalq artisti Nabi Xalilov dirijyorligidagi orkestrga gitarachi sifatida ishga olingan. 1990 yili o‘tkazilgan Botir Zokirov nomidagi tanlovda oliy o‘rinni qo‘lga kiritgach, qo‘shiqchilikka bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaytirgan. Shuningdek, u “Shaytanat” teleseriali uchun ijro etgan qo‘shig‘i tufayli xalq e’tiboriga tushgan.
LiveBarchasi