Ajabo! Andijonda qariyb 700 mln so‘mga bir tup ko‘chat sotib olindi
Jamiyat
−
20 fevral
18256Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlar orqali Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan dekorativ o‘simliklar qalamchalari “Cherenki dekorativnix rasteniy” ko‘chatlarining 1 donasini salkam 700 million so‘mdan sotib olingani haqida xabar tarqalgan edi.
Unda aytilishicha, dekorativ o‘simliklar qalamchalari “Cherenki dekorativnix rasteniy” ko‘chatlarining 1 donasi 598 million 700 ming so‘mdan YATT "Tohirov Abdulvohid Vasilovich"dan sotib olingan. Xuddi shu daraxt ko‘chatlarining 1 donasi 698 million 650 ming so‘mdan YATT "Nasriddinova Muhayyoxon Odiljon qizi”dan xarid qilingan.
Shuningdek, dekorativ o‘simliklar qalamchalarining uchinchi (bir) donasi 698 million 700 ming so‘mdan “Gullar va landshaft” MCHJdan sotib olingani aytilgan.
Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2023 yilda ekilgan manzarali va igna bargli daraxtlar to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotda bor yo‘g‘i 99 million 855 ming so‘mlik daraxtlar ekilganligi iddao qilingan.
Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu holatga munosabatini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan manzarali va igna bargli daraxtlar hamda mavsumiy gullar sotib olish maqsadida davlat xaridlari elektron tizimi orqali (etender.uzex.uz) ochiq tanlov e’lon qilingan. Tanlovda g‘olib deb topilgan YATT "Tohirov Abdulvohid” hamda “Gullar landshaft” MCHJlar bilan shartnoma tuzilgan.
Bitta tashkilot davlat byudjeti mablag‘laridan 3 (uch) dona qalamchalarni 2 milliard so‘mga sotib olgani ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Deputat Jahongir Jiyanov ushbu holatdan ajablanib, o‘z sahifasida:
“Xullas, bitta tashkilot davlat byudjeti mablag‘laridan 3 (uch) dona qalamchalarni 2 mlrd so‘mga sotib olsa-ya. Qalam emas, qalamcha. Bu pulga o‘rmoncha sotib olsa bo‘lsa kerak”, deb yozdi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi