Azaliy dushmanlar Aliyev va Pashinyan Blinken boshchiligida uchrashdi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 18 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Yerevan va Baku o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi loyihasini muhokama qildi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi. 

“Uchrashuvda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi loyihasi bo‘yicha ishlarning borishi, shuningdek, Pragada erishilgan kelishuvga muvofiq mintaqaviy transport infratuzilmalarini blokdan chiqarish va ikki davlat o‘rtasida delimitatsiyani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda. 

Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, Pashinyan Armaniston tomoni haqiqatan ham mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik kafolatiga aylanadigan kelishuv imzolanishiga erishishdagi qat’iyatini tasdiqlagan.  

“Shu bilan birga, Nikol Pashinyan Ozarbayjon tomonidan Lochin yo‘lagi noqonuniy blokadaga olingani va buning natijasida Tog‘li Qorabog‘da gumanitar, ekologik va energetika inqirozi yuzaga kelganini ta’kidladi. Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayonining davom etishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.  

Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Ozarbayjon va Armaniston hukumatlarida mustahkam tinchlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat borligiga ishonch bildiradi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken uchrashuv avvalida so‘z ochgan.  

“Biz Ozarbayjon va Armanistonda 30 yildan ortiq davom etgan to‘qnashuvlardan so‘ng mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun chinakam tarixiy imkoniyat borligiga ishonamiz. Tomonlarning o‘zlari yana tinchlik jarayoniga, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan, shuningdek, YeI va biz bilan e’tiborni qaratishdi. Qo‘shma Shtatlar bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilishga tayyor, xoh u bizning do‘stlarimiz bilan bo‘ladimi, xoh bu kabi uch tomonlama formatda bo‘ladimi, xoh boshqa xalqaro hamkorlar bilan bo‘ladimi, farqi yo‘q”.  

U qaysi xalqaro hamkorlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan.

2022 yil 12 dekabrda o‘zini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Lochin yo‘lagini (Armaniston va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yagona yo‘l u orqali o‘tadi) to‘sib qo‘ygan. Baku norozilik aksiyasidan maqsad hech qanday yo‘lni to‘sib qo‘yish emasligini, fuqarolik vositalari har ikki yo‘nalishda ham erkin harakatlana olishini bildirdi. 

Yerevan buni Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi. Respublika Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida ma’lum qilganidek, Tog‘li Qorabog‘da qamal tufayli oziq-ovqat taqchilligi boshlangan. 14 dekabr kuni Armaniston Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga Ozarbayjonni Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yishga majburlash talabi bilan murojaat qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Nikol Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing