AZAL layneri halokatining oldini olish mumkin edi – Aliyev
Olam
−
06 yanvar
10448Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning fikricha, Baku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilgan Ozarbayjon Havo Yo‘llari (AZAL) samolyoti halokatining oldini olish mumkin edi. Bu haqda u halok bo‘lgan ekipaj a’zolarining oila a’zolari va avialaynerning tirik qolgan styuardessalari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ozarbayjon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar o‘z vaqtida Grozniy shahri hududida Rossiya havo hududini yopish choralari ko‘rilganida, fojia yuz bermagan bo‘lardi. Uning ta’kidlashicha, Baku adolatli tergov o‘tkazilishini va aybdorlarning jazolanishini talab qiladi.
Aliyev, shuningdek, Ozarbayjon agar uning ob’ektivligiga ishonchi komil bo‘lsa, Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi samolyotning parvoz qayd qiluvchi qurilmalari tomonidan yozib olingan ma’lumotlarni shifrlashga rozi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
"Biz ushbu tuzilma bilan o‘nlab yillar davomida faol hamkorlik qilamiz. Va bu tuzilma, mohiyatan, sobiq SSSRdagi aviahalokatlarni tergov qilish bilan shug‘ullangan", dedi u.
Prezident Braziliyada qora qutilardan olingan ma’lumotlar shifrlanganini, bu sodir bo‘lgan fojianing to‘liq suratini qayta tiklash imkonini berishini aytdi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi