Ayrim migrantlarning Rossiyaga kirishi umrbodga taqiqlanishi mumkin
Olam
−
04 avgust 12271 2 daqiqa
Rossiya Davlat dumasidagi “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” (“Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu”) fraksiyasi deputatlari og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudlangan migrantlarga Rossiyaga kirishni umrbodga taqiqlovchi qonun loyihasini parlamentga taqdim etadi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Loyiha muallifi – partiya yetakchisi va Davlat dumasidagi fraksiya rahbari Sergey Mironov. Partiya matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi Davlat dumasi ko‘rib chiqishi uchun bugun, 4 avgust kuni kiritiladi.
Loyihaning izoh qismida aytilishicha, hujjat Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va milliy xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, og‘ir jinoyatlar sodir etgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, sudlangani olib tashlangan yoki tugatilgan bo‘lishidan qat’i nazar Rossiyaga umrbod kirish taqiqlanadi. Bu qoidalar jinoyat Rossiya hududida yoki chet elda sodir etilganiga ham bog‘liq bo‘lmaydi.
Mironov RIA Novosti bilan suhbatda qonun loyihasi Rossiya hududida og‘ir jinoyatlarni qayta sodir etilish xavfini jiddiy kamaytirishga xizmat qilishini aytgan. Uning fikricha, bu qonun Rossiya fuqarolari xavfsizligiga tahdid soluvchi, jinoyat sodir etishi mumkin bo‘lgan migrantlarning mamlakatga kirishini qat’iy huquqiy to‘siq bilan cheklaydi.
“Kirishga qo‘yiladigan taqiq sudlanganlik olib tashlanganiga yoki tugatilganiga qaramay amal qilishi kerak”, deydi parlament a’zosi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov Rossiyaga borgan chet elliklarning bolalari rus maktablarida yoshi va sinfidan qat’i nazar, faqat to‘lov asosida o‘qishi kerak ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi