Ayrim inspektorlar bolakaylarga “oq-qorani farqlash” bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band – Mirziyoyev
Jamiyat
−
28 iyul 2023
8880O‘zbekiston bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng ko‘p Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida aytildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan olti oyda mahalladagi o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar Farg‘ona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng ko‘p sodir etilgan.
Farg‘ona shahrida o‘g‘rilik, Namangan shahrida bezorilik, Qo‘qon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik ko‘p yuz bergan.
Ijtimoiy-iqtisodiy muammosi hal etilmasa jinoyat yo‘liga kirish ehtimoli yuqori aholi qatlami bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilingan edi. Unga ko‘ra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirilgan.
“Lekin, Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalaning ichiga chuqur kirmagan, “mahalla beshligi” uchun na bir metodika, na bir qo‘llanma ishlab chiqqan”, deyiladi xabarda.
Oqibatda ushbu yangi tizim 9 ming 400 ta mahalladan bor-yo‘g‘i 20 tasida ishlayapti.
“Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog‘chalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga “oq-qorani farqlash” bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band. Tizimda staji 3 yilgacha bo‘lgan, endi tajriba to‘playotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen og‘ir mahallaga qo‘yish amaliyoti haligacha davom etmoqda. Aksincha, “yaxshi” mahallalarda esa ko‘p yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilmoqda”, deydi Prezident.
Shuningdek, Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tilgan.
LiveBarchasi