Ayollar yo erkaklar? Maymun chechagi ko‘proq qaysi jins vakillarida uchrayotgani aytildi

Olam

image

Oxirgi ikki hafta ichida Yevropa mintaqasida maymun chechagi bilan kasallanganlar soni uch baravarga oshib, 4500 dan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge ma’lum qilgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab qayd etilgan maymun chechagi infeksiyalarining deyarli 90 foizi Yevropa hissasiga to‘g‘ri keladi.

“15 iyundagi bergan bayonotimdan keyin oltita yangi mamlakat va hududlarda maymun chechagi kasalligi qayd etildi – jami 31 ta. Ushbu davrda yangi holatlar uch baravar ko‘payib, mintaqa bo‘ylab laboratoriya tomonidan tasdiqlangan kasallanganlar soni 4500 dan ortiqqa yetdi”, deydi Klyuge bayonotda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, infeksiyalarning aksariyati 21 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan odamlarda qayd etilgan. Bemorlarning 99 foizi erkaklardir. Ularning 10 foizi davolash yoki izolyatsiya qilish uchun shifoxonaga yotqizilgan, bir bemor esa intensiv terapiya bo‘limida. 

Maymun chechagi tarqalishi munosabati bilan Klyuge barcha davlatlarni shoshilinch va muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga chaqirgan. So‘nggi paytlarda dunyoning 51 davlatida ushbu kasallikning 5,1 mingdan ortiq holatlari aniqlangan. 

Eslatib o‘tamiz, turli olimlar guruhlarini birlashtirgan Jahon salomatlik tarmog‘i koalitsiyasi (World Health Network, WHN) maymun chechagini pandemiya deb e’lon qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagidan o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

477

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing