“Avtoritetlar ovi”. Barcha tafsilotlar ochiqlandi

3-sahifa

Bugun, 12 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Ommaviy axborot vositalariga poytaxtda o‘tkazilayotgan "Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida qilingan ishlar haqida axborot berdi.

U kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida, bunga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarni jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan maxsus-tezkor tadbirlar olib borilayotgani va tadbir doirasida 103 nafar shaxs qo‘lga olingani va 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“O‘tkazilgan maxsus-tezkor tadbirlar doirasida jami 38 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ular:

  • JKning 165-moddasi tovlamachilik (10 yildan — 15 yilgacha);
  •  JKning 168-moddasi firibgarlik (8 yildan — 10 yilgacha);
  •  JKning 248-moddasi qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish (10 yildan — 20 yilgacha);
  • JKning 273-moddasi giyohvandlik vositalar, ularning analoglari yoki psixotrop vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlarni qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish (10 yildan — 20 yilgacha);
  • JKning 276-moddasi giyohvandlik vositalar, ularning analoglari yoki psixotrop vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlarni qilish (3 yildan — 5 yilgacha);
  •  JKning 277-moddasi bezorilik (3 yildan — 5 yilgacha) jinoyatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi”, deydi IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari.

Toshxo‘jayev Salim Abduvaliyev, Saidaziz Saidaliyev va Baxtiyor Qudratullayevning qo‘lga olinishi va ularga tayinlangan ehtiyot chorasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Tezkor ishlovlar doirasida Salim Abduvaliyev o‘zida noqonuniy qurol saqlab kelayotgani haqida axborotga ega bo‘ldik. Shu asosida shaxsning uyida tintuv o‘tkazdik va haqiqatdan ham noqonuniy ravishda qurol saqlangani aniqlandi va tergovga jalb qilindi. Abduvaliyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

Baxtiyor Qudratullayev haqida ham ko‘plab operativ ma’lumotlar kelib tushgan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi – juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan ayb e’lon qilingan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deydi Toshxo‘jayev.

Shuningdek, u O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti – Xalqaro boks kengashi (WBC) oliy kengashi a’zosi G‘ofur Rahimovga nisbatan hech qanday qidiruv e’lon qilinmagani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganini ma’lum qildi.

“G‘ofur Raximovga nisbatan hech qanday jinoyat ishi mavjud emas va qidiruvga ham berilmagan”, deydi u.

Toshxo‘jayev ijtimoiy tarmoqlarda G‘ofur Rahimovning jiyani, “kriminal avtoritet” sifatida ko‘riladigan “Ravshan Zolotoy” – Ravshan Muhiddinovni qo‘lga olish uchun katta guruh Turkiyaga ketgani haqidagi gap-so‘zlarga ham oydinlik kiritar ekan, qidirilayotganlar orasida Turkiyaga qochganlar yo‘qligini ma’lum qildi.

IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari QALAMPIR.UZ jurnalistining shov-shuvli tarzda qo‘lga olingan, jinoiy guruhlarga a’zo bo‘lishda gumonlangan shaxslar qo‘yib yuborilgan taqdirda, bu ular uchun piar vazifasini bajarmaydimi, mazmunidagi savoliga shunday javob berdi:

“Bu oylar va yillar davomida ishlab kelingan, nazoratga olingan narsalar. Nimaga yillar, nimaga oylar? Biz hammasiga kerakli, yetarli dalillar topganimizdan keyin bu tadbirlarni amalga oshirganmiz. 

Bugungi kunda ushbu tadbirlarni amalga oshirishda qanaqadir dalillarimiz yetmasligi yoki qayerdadir kamchilikka yo‘l qo‘yib qo‘yishimizni, siz aytganingizdek, kimdir chiqib ketib qolishini... To‘g‘ri, bunga avvalo tergov bilan sud baho beradi, lekin biz ham protsessual qoidalarni bilamiz. Biz ham jinoyat klassifikatsiyalarini tushunamiz. Va bu yerga kelgan, hozirgi asosiy familiyalari tilga olingan shaxslar – uyushgan guruh. Mana deyarli 11-kun ishlayotgan bo‘lsak, bularni uyushgan guruh tartibida harakatlangan, deb qo‘rqmasdan ayta olamiz. Sababi, kecha tergovchilar tomonidan qo‘shimcha dalillarga asosan bir qator shaxslarning uyushgan jinoyatchilik tartibida harakatlangani ma’lum bo‘ldi”, deydi Toshxo‘jayev.

U jurnalistning "Qo‘lga olinayotganlarning aybi sudda isbotlanmay turib,  yuzlarini ochib, ommaga ma’lum qilish aybsizlik prezumpsiyasiga zid emasmi?" degan savoliga javob berar ekan, shunday deydi:

“Gumondorlarning harakatlaridan jabrlanganlar ko‘p. Biz aynan shu insonlarga murojaat qilib, jazo muqarrar deyapmiz. Agar kimdir ulardan jabr ko‘rgan bo‘lsa, qo‘rqmasdan bizga murojaat qilsin, degan maqsadda ularning yuzlarini  ochiq qo‘ydik. Va bu yerda aybsizlik prezumpsiyasining hech qanday aloqasi yo‘q, deb o‘ylayman.

To‘g‘ri, sudning hukmi chiqmaguncha ular aybdor hisoblanmaydi. Lekin dastlabki tergov va tezkor xizmati o‘zining ishini qilishi kerak", deydi Toshxo‘jayev.

Shuningdek u qo‘lga olinayotganlarning ichkaridagi huquqlariga to‘xtalar ekan, gumonlanuvchilar IIBBga kirishi bilan barcha huquqlari ta’minlanishi,  tergov jarayonlari video kameraga qayd etilishini ma’lum qildi. Qolaversa, u gumonlanuvchilar ularning huquqlari buzilgani haqida prokuraturaga murojaat qilgan taqdirda, barcha qaydlar taqdim etilishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB Avtoritetlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing