Avtomototransport vositalarini ijaraga berishdagi talablardan biri bekor qilindi
Jamiyat
−
03 fevral 2022
10789Avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etish bekor qilinmoqda. Bugun, 3 fevral kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida senatorlar ko‘rib chiqqan “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda shunday tartib o‘rnatish belgilangan.
Qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra endilikda avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega ekanligi belgilanmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan Savdo-sanoat palatasiga mahalliy xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda.
Soliq kodeksiga O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, mol, qo‘y va tovuq go‘shti, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq kabilarni olib kirish va realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma 2021 yil 10 oktyabrdan 2022 yil 30 aprelga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
LiveBarchasi