Avtomobil tuyani urib yuborishi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
16:40 3014 2 daqiqa
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida avtomobil yo‘lda turgan tuyani urib yuborganidan so‘ng qarshi yo‘lakka chiqib ketib, boshqa mashina bilan to‘qnashdi va oqibatda 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Sputnik Qozog‘iston” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea “Aqtau – Beyneu” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Jetibay qishlog‘idan Shetpe qishlog‘i tomon harakatlangan Toyota Camry yo‘lda turgan tuyani urib yuborgan. Shundan so‘ng, mashina boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi harakatlanish yo‘lagiga chiqib ketgan va u yerda boshqa Toyota Camry bilan to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 4 kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana 4 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan. Jabrlanganlardan 1986 va 2004 yilda tug‘ilgan ikki nafar bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Ularga bosh miya jarohati va ko‘p sonli tan jarohatlari tashxisi qo‘yilgan, ahvoli og‘ir.
1996 yilda tug‘ilgan yana bir jabrlanuvchi travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning ahvoli barqaror bo‘lib, shifokorlar nazoratida qolmoqda. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Avtomobillar maxsus avtoturargohga joylashtirilib, zarur ekspertizalar tayinlangan.
Ayni paytda politsiya YTHning barcha holatlarini o‘rganmoqda. Jumladan, yo‘lga chiqib qolgan tuyaning egasi kim ekani ham aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda viloyatida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi