Avtobus haydovchilari uchun “kunlik plan” bekor qilinadi
Jamiyat
−
06 iyun 2020
6520Avvalroq, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, joriy yilning 8 iyunidan "sariq" va "yashil" hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatlariga ruxsat berilgan edi. Ma’lum qilinishicha, endi avtobus haydovchilari uchun kunlik reja bekor qilinadi.
"Toshshahartransxizmat" Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, A’zam Abdullayevning ma’lumot berishicha, endilikda haydovchilarga yangicha talablar qo‘yilishi bilan bir qatorda ularning ishlari yengillashtirilib, qator imtiyoz va takliflar ham nazarda tutilmoqda.
"Albatta, jamiyatimiz butunlay yangicha formatda ishni davom ettirish niyatida. Avvalo, haydovchilarga qo‘yilgan talablarimizni kuchaytirdik. Barcha belgilangan qoidalarga har bir haydovchi rioya etishi shart. Shunga yarasha ancha imtiyoz va yengilliklar kiritilmoqda. Jumladan, haydovchi va chiptachilar uchun ancha qiyinchilik tug‘dirgan, oldindan o‘rnatilgan rejalar endi yo‘q. Qancha pul tushishi ularning muammosi emas", deydi A’zam Abdullayev.
Qayd etilishicha, haydovchilar 15 kun ishda va mos ravishda bir oyda 15 kun uyda bo‘lishadi. U belgilangan manzilga aniq ko‘rsatilgan vaqtda yetib borishi kerak. Haydovchi oldin ma’lum pul tushumini yig‘ishi kerak bo‘lar edi, agar yig‘masa oyligiga ta’sir qilib, har kuni ishlashiga to‘g‘ri kelardi. Endi bunday bo‘lmaydi. Haydovchilarning o‘zigina emas, farzandlariga ham dam olish uchun yo‘llanmalar beriladi. Ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi.
Hozirda aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamoat transporti faoliyatini qayta tiklashda belgilangan qoidalarga rioya etilishi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, avtokorxonalar tomonidan transport vositasini har bir qatnov oldidan va oxirgi bekatda, shuningdek, avtoshohbekatlarda to‘liq dezinfeksiya qilish, haydovchilarni tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan ta’minlash hamda ularning muntazam ravishda o‘z vaqtida almashtirib borish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus pandemiyasi tufayli 22 martdan buyon Toshkent shahrida jamoat transporti harakati to‘xtatilgan edi.
LiveBarchasi