Avstraliyalik O‘zbekiston muxlisi: “Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi o‘yinda O‘zbekistonga muxlislik qildim!”

Sport

image

O‘zbekistonda har bir futbol ishqibozi milliy terma jamoaga muxlislik qiladi. Uning yutuqlaridan quvonib, mag‘lubiyatlaridan xafa bo‘ladi. Bu tabiiy hol, albatta. Lekin olis Avstraliya mamlakatida yashab, O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlaydigan futbol muxlisi borligini bilasizmi? Bu haqida O‘FA Matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Nik Sidneyda istiqomat qiladi. Lekin O‘zbekiston milliy terma jamoasining ashaddiy muxlisi. Terma jamoaning har bir o‘yinini qoldirmay ko‘rib borishga harakat qiladi. U qachondan O‘zbekiston terma jamoasining muxlisiga aylanib qolganligi haqida O‘FA Matbuot xizmatiga intervyu berar ekan: “Men 2015 yil Avstraliyada bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi paytida O‘zbekistonning muxlisiga aylanib qolganman. O‘shanda Osiyo Kubogidan o‘rin olgan uchrashuvlarga chipta izlayotganimda Shimoliy Koreya – O‘zbekiston o‘yiniga duch kelib qoldim. Shu zahoti ko‘z oldimga ulug‘vor Ipak Yo‘li shaharlari, boy tarixiy madaniyatga ega yurt, yorqin ranglar, ajoyib urf-odatlar keldi. Shu zahoti Shimoliy Koreya – O‘zbekiston uchrashuviga chipta xarid qildim. Keyin o‘yin davomida o‘zbekistonlik muxlislar bilan birga stadionda turib muxlislik qildim. Birgalikda qo‘shiq kuyladim, raqsga tushdim va futbolchilarni olqishlab turdim!” deb aytib o‘tgan.
 
Shuningdek u: “BAAda o‘tgan Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi Avstraliyaga qarshi bahs olib bordi. Men esa O‘zbekistonga muxlislik qildim! Bu hol ba’zilar uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Ammo men 2015 yildan beri O‘zbekistonning muxlisiga aylanganman. O‘shanda O‘zbekistondan tashrif buyurgan muxlislar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv menda juda katta taassurot qoldirgan. Ularning stadionda quvonchga to‘lib-toshib, hissiyotlarga berilib hayqirishlari, o‘z terma jamoalaridan faxrlanishlari, terma jamoa g‘alaba qozonganda g‘ururlanishlari, O‘zbekiston bayrog‘ini hilpiratishlari, barabanning dilga hayajon soladigan ovozlari... Men Yevropa va Avstraliyaning ko‘pgina stadionlarida bo‘lganman. Ammo ilgari hech qachon bunday ajoyib hissiyotlarni tuymagandim, bunday muhitda futbol tomosha qilmagandim. O‘zbekistonlik muxlislarning mehmondo‘stligi, ochiqko‘ngilliligi, birdamligi – men hayotimda ko‘rgan eng ajoyib jihatlar” deya aytib o‘tgan.

Bundan tashqari, Nik Avstraliyada “Avstraliyalik O‘zbekiston muxlislari” (Aussie Uzbekistan Supporters) akkauntlarini ochganligini ma’lum qildi va hozirgi paytda bu akkauntga 100 dan ortiq odam obuna bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston milliy terma jamoasi

Baholaganlar

40

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing