Avstraliya kuchlari ham Afg‘onistonni to‘liq tark etdi

Olam

image

Avstraliyaning barcha harbiy qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etdi. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni mamlakat mudofaa vazirligi rahbari Piter Datton ma’lum qildi. 

“Ayni paytda ushbu [harbiy] kampaniya yakunlandi. Biroq, bu bizning milliy manfaatlarimizga yoki ittifoqchilarimiz manfaatlariga javob beradi deb hisoblasak, AQSH bilan boshqa kampaniyalarda qatnashmaymiz, ehtimol SAS (Avstraliya Havodagi Maxsus kuchlari) yoki boshqa maxsus kuchlarni jalb qilmaymiz, degani emas”, deydi Piter Datton.

Mudofaa vazirining ta’kidlashicha, so‘nggi 20 yil ichida Afg‘onistondagi harbiy kampaniyada 39 mingdan ziyod avstraliyalik harbiylar qatnashgan, ammo so‘nggi yillarda kontingent 1,5 ming askar va ofitserdan 80 kishiga qisqartirilgan. Dattonga ko‘ra, Avstraliya kuchlari mamlakatdan chiqarilgani bilan terrorizmga qarshi kurashda Kobulning ittifoqchisi bo‘lib qolaveradi. 

Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Avstraliya

Baholaganlar

91

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing