Avgustda ham jazirama kuzatiladimi?

Bu qiziq

image
0:00
0:00
download

Joriy yilda avgust oyi nisbatan qulay harorat qiymatlari bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida kunduzgi havo harorati 33-38 daraja atrofida bo‘ladi. Xuddi shuday harorat foni oyning oxirigacha ustunlik qiladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.

Shunga qaramay markaziy hududlarda harorat qisqa muddatli davrga 40-41 darajagacha, janubda va cho‘l zonasida 41-42 darajagacha ko‘tarilish (1-2 kun) ehtimoli bor.

Avgust oyining ayrim kunlarida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

O‘zgidrometning ta’kidlashicha, iqlimiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda avgust oyi haroratining eng yuqori cho‘qqi qiymatlari iyul oyi maksimumlaridan 1,5-2,5 darajaga past bo‘ladi. Xususan, Toshkentda iyul oyidagi eng yuqori havo harorati 44,6 daraja (bunday harorat 1997 yilda qayd etilgan), avgust oyida esa 43,1 daraja (1944 yilda) ni tashkil etadi. Respublikaning janubida, Termizda iyul oyida eng yuqori harorat 48,6 daraja (1914 yilda), avgust oyida esa 46,3 daraja (1947 yilda) bo‘lgan.

Lekin markaziy hududlarda 42-43 darajagacha, janubda 45-46 darajagacha bo‘lgan juda yuqori harorat qiymatlari har yili ham kuzatilmaydi. Avgust oyida juda ham tez-tez 1-3 kun 39-41 darajagacha, janubda 42-43 darajagacha bo‘lgan harorat kuzatiladi.

Qayd etilishicha, avgust O‘zbekistonda eng quruq oy deb hisoblanadi. Avgust oyida yomg‘ir juda kam – hududning aksariyat qismida o‘rtacha 1–3 kungacha biroz yog‘adi. Biroq, ushbu quruq oy davomida ayrim joylarda sezilarli jadallikdagi jala yomg‘irlar kuzatilishi istisnodan holi emas. Xususan, 2020 yil 26 avgustda O‘zbekistonning markaziy hududlarida yog‘ingarchilik miqdori 10-34 mm bo‘lgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘ib o‘tgan. Shu kuni Toshkentda yog‘ingarchilik 17 mm bo‘lgan, bu avgust oyidagi kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha absolyut rekorddir.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo

Baholaganlar

488

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing