Auksionda yer olganlar uchun hokimlar chiqargan qarorning qadri qolmaydi

Jamiyat 16238
image
-

Endilikda ochiq elektron tanlov orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qo‘lga kiritgan shaxslarga o‘sha hudud hokimining tasdig‘i talab etilmaydi. Bu haqda bugun, 28 may kuni Oliy Majlis Senatining 26-yalpi majlisida ma’qullangan “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi. 

Ma’lumki, yerlar elektron onlayn-auksion orqali faqat ijara huquqi asosida ajratiladi. Endilikda, mazkur Qonun bilan Yer kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq ochiq elektron tanlov orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qo‘lga kiritgan shaxslarga o‘sha hudud hokimining tasdig‘i talab etilmaydi.

Shuningdek, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanganlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda chora ko‘rish mas’uliyati Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yuklatilmoqda.

“O‘z navbatida, ushbu harakatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Xususan, Yer kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha normaga asosan Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi”, deyiladi Senat Axborot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, Qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim aholi qatlamlari uchun bir qator kafolatlar ham belgilanmoqda. Xususan,  nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oilasi elektron onlayn-auksionlardan yer uchastkalarini sotib olishi bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Mazkur Qonun bilan amaldagi 20 dan ziyod qonun, jumladan 4 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Amaliyotda uchrayotgan turli tushunmovchiliklarga barham berish va jamiyat hayotida qonunga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda senatorlar mazkur Qonunni ma’qulladi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 438
Reyting: 3
t
×