“Atletiko” Alvaresni “Barselona”ga sotish ehtimolini 0 foiz deb baholadi
Sport
−
10:20 283 2 daqiqa
Argentinalik hujumchi Xulian Alvaresning “Atletiko Madrid”dan “Barselona”ga o‘tishi ehtimoli 0 foizni tashkil qiladi. Bu haqda Madrid klubi Ispaniyaning “Marca” nashriga bergan bayonotida ma’lum qildi.
Avvalroq, “Barselona” prezidenti Joan Laporta Alvares transferini muhokama qilish uchun “Atletiko Madrid” bilan bog‘lanishga tayyorligini bildirgan edi. OAVda ham futbolchining Kataloniya klubiga o‘tishi mumkinligi, hujumchi bunday transferga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shuningdek, “Atletiko Madrid” muxlislari Ispaniya chempionatining ikkinchi turida “Vilyarreal”ga qarshi uchrashuvda (2:2) argentinalik futbolchini hushtakbozlik bilan qarshi olgandi.
“Futbolchiga nisbatan bosim o‘tkazilmoqda, ammo Xulian bilan bog‘liq vaziyatda yagona jabr ko‘rgan tomon biz bo‘ldik. Bizga iqtisodiy va ijtimoiy zarar yetkazildi. Uni “Barselona”ga sotish ehtimoli – 0 foiz. Bu masala pul haqida emas, balki qadr-qimmat haqida”, deyiladi “Atletiko” bayonotida.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Alvares 2024 yildan beri “Atletiko Madrid” safida to‘p tepib kelmoqda. U bundan avval Angliyaning “Manchester Siti” klubida o‘ynagan.
Alvares “Manchester Siti” bilan ikki marta Angliya chempioni, Chempionlar ligasi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, Angliya kubogi, Angliya Superkubogi va UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Alvares Argentina milliy terma jamoasi safida 59 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urgan va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U terma jamoa bilan 2022 yilgi Jahon chempionati, ikki marta Kopa Amerika (2021 va 2024) hamda 2022 yilgi Finalissima g‘olibi bo‘lgan.
Live
Barchasi