Atamboyevning yana qachongacha hibsda saqlanishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning hibsda saqlanish muddati 7 aprelga qadar uzaytirildi.

Atamboyevning advokati Zamir Jooshevning aytishicha, 4 fevral kuni Pervomayskiy tuman sudi 64 yoshli siyosatchini uy qamog‘iga olish to‘g‘risidagi talabini yana rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekning Pervomayskiy tuman sudida Almazbek Atamboyev bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgandi. Ayblanuvchilarning ba’zilari yo‘qligi sababli, (Almazbek Atamboyevdan tashqari akademik Abduxalim Raimjonov yo‘q edi), sudni 3 fevralga qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi.

Atamboyev nimada ayblangandi?

2006 yilda “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev Bishkek atrofidagi koloniyalardan birida tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. To‘polon paytida deputat Tinishbek Akmatbayev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki a’zosi o‘ldirilgandi.

2013 yilda Batukayev qamoqdan tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra ozod qilingan. Xulosaga ko‘ra, Batukayevga qon saratonining so‘nggi bosqichi tashxisi qo‘yilgan. U qamoqdan chiqish bilan darhol tarixiy Vatani Chechenistonga uchib ketgan. Tez orada tibbiy hujjatlar soxta ekanligi aniq bo‘lgan, ammo Qirg‘iziston hukumati Batukayevni ortga qaytara olmagan.

Batukayevning ozod qilinishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yakunida Atamboyev 11 yillik qamoq jazosini olgandi. Avgust oyida Bishkek shahar sudining hay’ati ushbu hukmni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, bu ishda sobiq Prezidentdan tashqari yana uch kishi – shifokor Abduhalim Raimjonov, sobiq bosh prokuror Indira Joldubayeva va Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘ining sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyev ishtirok etgan.

Sobiq maslahatchi hibsda saqlangani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. Joldubayeva 5 million som (66,7 ming dollar) jarimaga tortilgan. Shifokor esa jinoyatning muddati o‘tganligi tufayli jazodan qutulib qolgan.

Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari vaqtida odamlar Atamboyevni qamoqdan ozod qildi. Ammo u keyinroq Bishkekda namoyish uyushtirishda aylanib, yana hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

400

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing