Atamboyevning advokati yana bir talab bilan chiqdi

Olam

image

Shifokorlar 3 fevralga qadar Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning sog‘ligi bo‘yicha konsultatsiya o‘tkazishi shart. Bu haqda uning advokati Zamir Jooshev “24.kg” axborot agentligiga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Almazbek Atamboyev o‘zini yaxshi his qilmayapti. U bel og‘rig‘idan azob chekmoqda. 

“3 fevral kuni 2019 yil 7-8 avgust kungi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha va yana ikkita ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tadi va shu kundan oldin shifokorlar sudyaga mening mijozim to‘g‘risida javob berishlari shart.

Shuningdek, biz profilaktika chorasini o‘zgartirishni talab qilamiz. Aziz Batukayevni ozod qilish to‘g‘risidagi ish qayta ko‘rib chiqishga yuborildi va 28 yanvar kuni bu jarayon Bishkek shahrining Pervomayskiy sudida boshlanishi kerak. Jinoyat-protsessual kodeksiga binoan shaxs bir yildan ortiq hibsga olinishi mumkin emas. Bu faqat istisno holatlarda joizdir va bu holda bunday holatlar mavjud emas. Sudyalar va ularning samarasiz ishi tufayli ushbu ishni ko‘rib chiqish 2020 yil avgustidan beri cho‘zilib ketgan. Atamboyevning sog‘ligi yomonlashmoqda” deydi Zamir Jooshev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Batukayev ustidan sud yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi.

Atamboyev nimada ayblangandi?

2006 yilda “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev Bishkek atrofidagi koloniyalardan birida tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. To‘polon paytida deputat Tinishbek Akmatbayev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki a’zosi o‘ldirilgandi.

2013 yilda Batukayev qamoqdan tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra ozod qilingan. Xulosaga ko‘ra, Batukayevga qon saratonining so‘nggi bosqichi tashxisi qo‘yilgan. U qamoqdan chiqish bilan darhol tarixiy Vatani Chechenistonga uchib ketgan. Tez orada tibbiy hujjatlar soxta ekanligi aniq bo‘lgan, ammo Qirg‘iziston hukumati Batukayevni ortga qaytara olmagan.

Batukayevning ozod qilinishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yakunida Atamboyev 11 yillik qamoq jazosini olgandi. Avgust oyida Bishkek shahar sudining hay’ati ushbu hukmni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, bu ishda sobiq Prezidentdan tashqari yana uch kishi – shifokor Abduhalim Raimjonov, sobiq bosh prokuror Indira Joldubayeva va Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘ining sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyev ishtirok etgan.

Sobiq maslahatchi hibsda saqlangani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. Joldubayeva 5 million som (66,7 ming dollar) jarimaga tortilgan. Shifokor esa jinoyatning muddati o‘tganligi tufayli jazodan qutulib qolgan.

Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari vaqtida odamlar Atamboyevni qamoqdan ozod qildi. Ammo u keyinroq Bishkekda namoyish uyushtirishda aylanib, yana hibsga olindi.

Keyinchalik Atamboyev Milliy xavfsizlik hibsxonasidan koloniyaga o‘tkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

250

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing