Atamboyev suddan tez yordam mashinasida olib ketildi
Olam
−
04 aprel 2022
15074Bir qator jinoiy ishlarda gumon qilinayotgan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev bugun, 4 aprel kuni sog‘lig‘i yomonlashgani sababli mamlakat poytaxtining Pervomay tumani sud zalidan tez yordam mashinasida olib ketildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Atamboyev advokatlarining ma’lum qilishicha, sobiq prezident jazoni o‘tayotgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga qaytarilgan. Mazkur holat yuzasidan sud majlisni 5 aprel kuni davom ettirishga qaror qilgan.
Almazbek Atamboyev bir necha oy davomida o‘zi ishtirok etgan ishlar bo‘yicha sud qilinmoqda. Bu safar u 2020 yilning kuzida hokimiyatni egallab olishga urinish bo‘yicha sudga keltirildi.
“Men baribir qachondir ozodlikka chiqaman, hatto, umrbod qamoq jazosi berishsa ham”, degan Atamboyev jurnalistlarga.
Uning ta’kidlashicha, amaldagi Prezident Sadir Japarov hokimiyatga kelganidan so‘ng, u saqlanayotgan jazoni ijro etish koloniyasida sharoit biroz yaxshilangan.
2020 yil iyun oyida sobiq prezident respublika Jinoyat kodeksining “Korrupsiya” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u bir guruh odamlar bilan birga kriminal avtoritet Aziz Batuqayevning hibsxonalardan noqonuniy ravishda ozod etilishiga hissa qo‘shgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda parlament saylovlari natijalariga rozi bo‘lmaganlarning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng, namoyishchilar talabiga ko‘ra Almazbek Atamboyev 2019 yil avgust oyidan beri saqlanayotgan tergov izolyatoridan ozod qilingan, biroq keyinroq yana hibsga olingan. Tergovchilarga ko‘ra, janob Atamboyev sobiq bosh vazir Omurbek Babanov va boshqa amaldorlar bilan til biriktirib, hokimiyatni egallab olgan. 2021 yil sentyabr oyida unga nisbatan ayblov e’lon qilingan.
LiveBarchasi