Atamboyev kim? U davlat boshiga qanday kelgandi?

Tahlil

image

Bugun 9 avgust kuni kuch ishlatar tuzilmalar tomonida hibsga olingan Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev aslida kim va u qanday qilib, mamlakatning to‘rtinchi Prezidentiga aylandi?

Almazbek Atamboyev 1956 yil 17 sentyabrda Qirg‘izistonning Frunze viloyati (hozirgi Bishkek) Voroshilov tumani Arashan qishlog‘ida tug‘ilgan, 1980 yilda u Serjo Orjonikidze nomidagi Moskva boshqaruv institutini (hozirgi Davlat boshqaruv universiteti) muhandis-iqtisodchi, mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. Mehnat faoliyatini muhandis, so‘ngra Qirg‘iziston SSR Aloqa vazirligi korxonalarida yetakchi iqtisodchi sifatida boshlagan. 1981 yilda u 4-sonli yo‘llarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limining bosh muhandisi lavozimiga o‘tkazildi.

Referentlikdan direktorlikkacha

1983 yilda Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston SSR Oliy Kengashi Prezidiumida muharrir va katta referent etib tayinlangan. 1983 yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosiga aylanadi. 1987-1989 yillarda Frunze (Bishkek) shahrining Birinchi may tumani ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘ldi. 1989 yilda u barcha lavozimlarini tashlab, tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 1997 yilgacha u “Forum” ilmiy-ishlab chiqarish kompaniyasi direktori, so‘ngra 1997 yildan 1999 yilgacha “Qirg‘izavtomash” OAJ bosh direktori lavozimlarida ishladi. 1999-2004 yillarda “Forum” sanoat guruhi direktorlar kengashi raisi, 2004 yildan 2005 yilgacha “Qirg‘izavtomash” korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi bo‘lgan.  

Deputatlikdan Hukumatgacha

Almazbek Atamboyev 1995-2000 yillarda 2-chaqiriq Jo‘qorg‘u Kenesh Xalq vakillari assambleyasiga saylangan. U o‘z okrugida 3-chaqiriq Jo‘qorg‘u Kenesh deputatligiga nomzod sifatida qayta saylandi, ammo saylovda yutqazdi. 2000 yilda Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlarida Almazbek Atamboyev uchinchi o‘rinni egalladi. “Lola” inqilobidan so‘ng, 2005 yil sentyabrdan 2006 yil aprelgacha Qirg‘iziston Respublikasi sanoat, savdo va turizm vaziri bo‘lgan.

2007 yilning 30 martidan 2007 yil 28 noyabrigacha Respublika Bosh vaziri. “Aprel inqilobi”dan so‘ng, 2010 yil 7 aprelda muvaqqat hukumat rahbarining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi va 2010 yil 13 iyul kuni iste’foga chiqdi.

Hukumatga qaytish

Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimiga da’vogarlik qildi, biroq Jalolobod viloyati gubernatori Bektur Asanovning pozitsiyasi sabab parlamentning qo‘llab-quvvatlashiga erisholmadi. Bektur Asanov 2010 yil 17 dekabrda Jalolobod viloyati hokimi lavozimidan ozod qilinganidan keyin Almazbek Atamboyev Roza Otunboyeva boshchiligidagi muvaqqat Hukumatning rahbari etib tasdiqlandi. 
Qirg‘izistonda o‘tish davrining so‘nggi yilida o‘z baxtini sinab ko‘rish maqsadida u uchinchi marotaba respublika Prezidentligiga nomzod bo‘ldi. Siyosiy minbarlaragi nutqi va qirg‘iz xalqining yaxshi yashashi to‘g‘risida berilgan va’dalari sabab u saylovning birinchi turidayoq katta farq bilan raqiblarini ortda qoldirdi.

Vanihoyat uddaladi

Qirg‘izistonda 2011 yilning oktyabrida o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlarida Almazbek Atamboyevga Adaxan Madumarov,  Kamchibek Tashiyev, Temirbek Asanbekov, Omurbek Suvanaliyev, Kubatbek Baybolov, Tursunboy Bakir o‘g‘li, Anarbek Kalmatov, Arstanbek Abdildayev, Marat Imanqulov, Kubonichbek Isabekov, Kurmanbek Osmonov, Akbarali Aytikeyev, Torobay Kolubayev, Sooronbay Diykanov, Almazbek Karimovlar siyosiy raqib bo‘lgan.
2011 yilning 1 dekabrida Qirg‘istonning yangi Prezidenti Almazbek Atamboyevning Prezidentlik inagursiyasi o‘tkazildi.

Serfarzand Atamboyev

Atamboyevning 6 nafar farzandi bo‘lib, hozirgi rafiqasi Raisa Atamboyeva bilan 1988 yilda turmush qurgan va bu nikohdan ularning Qadir va Aliya ismli o‘g‘il-qizlari bor. Seyitbek, Seytek, Diana, va Dinaralarninig onasi Atamboyevning birinchi rafiqasi Buajar Tenizbayeva hisoblanadi.

Sobiq Prezident Almazbek Atamboyev siyosatdan tashqarida gitarada qo‘shiqlar ijro etishni hush ko‘radi.

Qirg‘izistonning eng boy odami

2004 yilda Almazbek Atamboyev Qirg‘izistonning eng boy 100 kishisi qatoriga kiritilgan. 2017 yilning noyabr oyiga qadar garchi “manbalari noma’lumligicha qolayotgan” bo‘lsa-da, Almazbek Atamboyev Qirg‘izistonning nihoyatda boy Prezidenti bo‘lib turgan.

Vakolat muddati tugagach, sobiq Prezident ismi munitsipal mulkni noqonuniy xususiylashtirishdan tortib infratuzilmaviy loyihalar mablag‘larini o‘marishgacha bo‘lgan jinoyat ishlarida tilga olina boshladi. Atamboyev va uning eng yaqin gumashtalari korrupsiya va noqonuniy faoliyatda ayblangan maqolalar Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Oltmish uch yoshni qoralagan Almazbek Atamboyev o‘z boyligi bilan oshkora maqtanishni ham yaxshi ko‘rardi. 2016 yilda, xorijiy davlatlar elchilari ishonchi yorliqlarini topshirish marosimida Qirg‘iziston Prezidenti uning siyosiy karerasi milliarderga aylangach boshlanganini aytib o‘tgan. 2017 yilning fevralida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida Atamboyev shunday degan: “Atamboyev hech qachon o‘g‘rilik qilmagan! U o‘z pullarini o‘zi ishlab topgan! Atamboyev milliarderga aylanganida, bugungi millionerlar o‘z bizneslarini endi boshlashgan edi!”

 

Ammo, sobiq Prezidentning deklaratsiyalangan daromadi juda kamtar. 2010 yilda u vaqtinchalik Hukumatda Bosh vazir sifatida 5 ming 944 dollar ishlab topgan. 2015 yilga kelib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Atamboyev 111 ming 205 dollar, uning rafiqasi Raisa Atamboyev 580 ming 860 dollar daromad qilgan. Hashamatli boyliklarga e’tibor qaratilsa, sobiq Prezident oilasi prezidentlik chog‘ida ancha ko‘paygan, biroq kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yanada kattaroq moliyaviy resurslarga ega ekanligi oydinlashadi.

Shunday ob’ektlardan biri — Bishkekdan janubroqda joylashgan, 2016 yilda qurilgan Qo‘y-Toshdagi uch qavatli saroydir. Ayni shu saroydan bugun u hibsga olib ketildi. 

Prezidentlikka saylanguniga qadar Atamboyev Bishkekning sharqidagi ko‘zga tashlanmas uyda istiqomat qilgan.

2018 yilning martida sobiq Prezident Bishkekdagi davlat rahbari qarorgohi hududida maydoni 300 kvadrat metr bo‘lgan yozgi villa qurgan.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

428

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing