Asteroidlarni yadroviy bombalar bilan yo‘q qilish taklif etildi

Olam

image

Yer bilan to‘qnashishi mumkin bo‘lgan ulkan asteroidni to‘xtatishning eng samarali usuli aniqlandi. Diametri qariyb 100 metr bo‘lgan asteroid ichida 200 ta Xirosima bombasiga teng yadroviy qurilma portlatilsa, u butunlay parchalanib ketishi mumkin. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoyning Raketa tashuvchi texnologiyalar akademiyasi olimlari Yerga xavf tug‘diruvchi yirik asteroidlarga qarshi kurashishning yangi usulini taklif qilgan. Tadqiqotchilar turli ssenariylarni modellashtirib, asteroid yuzasida avval chuqur krater hosil qilish, so‘ng uning ichiga yadroviy qurilma joylashtirib, portlatish eng samarali usul ekanini aniqlagan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yadroviy qurilma asteroid yuzasidan taxminan 30 metr chuqurlikda portlatilsa, uning yo‘nalishini o‘zgartirish samaradorligi sayoz portlashga qaraganda uch barobar yuqori bo‘ladi.

Shuningdek, quvvati Xirosimaga tashlangan atom bombasiga teng 200 ta portlash diametri 100 metr bo‘lgan asteroidni butunlay parchalab yuborishi mumkin.

Olimlar bu usul, ayniqsa, Yerga qisqa vaqt ichida yaqinlashayotgan yirik asteroidlar uchun muhim yechim bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Ularning fikricha, bunday vaziyatlarda asteroidni boshqa usullar bilan xavfsiz masofaga og‘dirish uchun vaqt yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Qayd etilishicha, NASA 2022 yilda DART missiyasi orqali asteroid orbitasini o‘zgartirish bo‘yicha ilk amaliy sinovni muvaffaqiyatli o‘tkazgan edi. Biroq tadqiqotchilar bu usul barcha yirik asteroidlar uchun ham yetarli bo‘lmasligi mumkinligini qayd etgan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, yangi natijalar kelajakda Yerga xavf tug‘diruvchi yirik asteroidlardan himoyalanish bo‘yicha texnologiyalarni ishlab chiqishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq astronomlar “Jeyms Uebb” koinot teleskopi yordamida “Beta Pictoris d” ekzosayyorasini aniqlagandi. Ob’ekt Yerdan 63 yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan yosh yulduzning yorug‘ chang diski ichida yashiringan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing