Asr fojiasi yakunlandi. Ammo G‘azo taqdiri katta so‘roq ostida qolmoqda

Tahlil

Isroilning G‘azodagi genotsidlari o‘z yakuniga yetdi. Sektorda bayram boshlandi. Tomonlar Misrda bir nechta vositachilar bilan birga masalani tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan muzokaralarning birinchi bosqichini yakunlab, dastlabki kelishuvlarga erishdi. HAMAS asirdagi isroilliklarni Isroilga topshiradi, Isroil esa sektordan qo‘shini olib chiqishni boshlaydi. Barchasi keyingi kunlarda hal qilinadi. Tramp esa tez orada Isroilga keladi. Bir so‘z bilan aytganda asr fojiasi o‘z yakuniga yetdi deb hisoblash mumkin, ammo tomonlardan biri Isroil ekani inobatga olinsa, tinchlik uzoqqa cho‘zilishi baribir qaysidir ma’noda shubhali bo‘lib qolaveradi. Lekin shu kungacha o‘tgan ikki yillik qatliomlar davrida Misrda kechgan muzokaralar darajasidagi kelishuv sodir bo‘lmagandi. G‘azodagi bayram ham bejiz emas. Och naxor, bolasidan, bir necha oylik chaqalog‘idan ayrilgan onalar, aka-ukasi, opa-singlisini yo‘qotgan bolalar, Isroil hujumlaridan bir umrga nogiron bo‘lib qolgan, blokada va atayin uyushtirilgan ochlikdan aziyat chekib, qoq-suyakka aylanganlarning yuziga nihoyat kulgu yugurdi. Ularda oz bo‘lsa-da umid paydo bo‘ldi.

Tinchlik jarayoni esa bu bilan tugadi deb bo‘lmaydi. Negaki, tomonlar hozircha faqat bir nechtagina masalalarni kelishib oldi, xolos. Trampning 21 bandlik tinchlik rejasida yana ko‘plab talab va maqsadlar hali hal etilmagan. Shuning uchun Misrdagi tarixiy kelishuvga tinchlik muzokaralarining dastlabki bosqichi sifatida qaralmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramay, bu jarayon tezlashishiga ishora qiluvchi qator omillar mavjud. Har holda dunyo shunga umid qilmoqda. G‘azodagi begunoh insonlar tinchlik abadiy davom etishidan umidvor. Hamma kutgan kunlar yaqin. Xullas, G‘azoda qon to‘kish to‘xtatildi.

Misrda nuqta qo‘yildi

6 oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan birinchi bosqich muzokaralar Misrning Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgandi. Muzokaralarda qatnashadigan vositachilar tarkibi ham juda og‘ir vazndagi shaxslar ekani ma’lum bo‘ldi. Turkiya Milliy xavfsizlik idorasi rahbari Ibrohim Qalin va Qatar delegatsiyasining bu yerda borligi muzokaralar albatta qandaydir natija bilan yakunlanishiga ishora edi. “Al Jazeera” ushbu muzokaralar “ijobiy muhitda” yakunlangani haqida xabar berib, uchrashuvda HAMAS vakillari garovga olinganlarni ozod etish tartibi, shuningdek, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqish rejasi va jadvali bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qilganini ochiqladi. O‘sha kungi muzokaralar Tramp ma’muriyati tomonidan 29 sentyabr kuni taqdim etilgan 21 banddan iborat tinchlik rejasi atrofida muhokama qilingan. Rejada HAMAS tomonidan asirga olingan isroilliklarni ozod qilish va Isroil armiyasini bosqichma-bosqich Falastin hududidan olib chiqish ko‘zda tutilgan. Isroil esa evaziga umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerakligi haqida kelishuvlar bo‘lgan.

Keyinchalik boshqa OAV ham Isroil bilan G‘azodagi genotsidni tugatishga qaratilgan bilvosita muzokaralar optimistik ruhda davom etayotgani haqida xabar bera boshladi. Ushbu muhokamalarda HAMAS guruhi garovga olingan isroilliklarni ozod qilish evaziga Isroil tomoni ozod qilishi kerak bo‘lgan falastinlik mahbuslar ro‘yxatini taqdim etgani aytildi. Shuningdek, HAMASning yuqori martabasidagi amaldori Tohir al-Nunu vositachilar o‘t ochishni to‘xtatishni amalga oshirish yo‘lidagi har qanday to‘siqlarni olib tashlash uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgani va barcha tomonlar o‘rtasida ijobiy ruh hukmronlik qilayotgani haqida quvonchli xabar berdi.

Xushxabar

Toshkent vaqti bilan yarim tunda Oq uyda o‘tkazilgan katta matbuot anjumanida Donald Tramp G‘azo bo‘yicha kelishuv juda yaqin ekanini aytdi. Bu paytda esa Qohirada tinchlik muzokaralarining birinchi bosqichi yakunlanish arafasida edi. Tramp jurnalistlar bilan suhbatda ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan yettita urushni tugatgani haqida yana gapirishni boshladi va u endi 8-urushni ham to‘xtatishga yaqin turgani, shundan so‘ng Ukraindagi urushni yakunlashga harakat qilishini ta’kidladi. Bu orada Davlat kotibi Marko Rubio Trampning yoniga kelib nimalarnidir shivirladi. U Qohiradagi muzokaralar natijasi haqida ma’lumot bergani taxmin qilindi. Rubio Trampning qo‘liga Truth Social’dagi sahifasida tez orada e’lon qilinadigan xabar matnini ham tutqazdi. Unda esa G‘azo bo‘yicha ketayotgan muzokaralarning birinchi bosqichi ijobiy yakunlangani va tomonlar ko‘plab nuqtalarni kelishib olgani haqidagi e’lon bor edi. Bu paytda CNN va Axios kabi yetakchi nashrlar HAMAS va Isroil kelishuvga yaqinligi haqida xabar bera boshladi

Bir zum o‘tib esa barchasi tasdiqlandi. HAMAS kelishuvga rozi bo‘lgani e’lon qilindi. Yaqin Sharqdagi nashrlar kelishuv o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish, asirlarni ozod qilish kabilarni o‘z ichiga olishi haqida xabar berdi. Qohira vaqti bilan tungi soat 12 da kelishuvga imzo chekildi. Trampning o‘zi ham sahifasida bu haqda to‘lib-toshib yozdi.

“Men Isroil va HAMAS tinchlik rejamizning birinchi bosqichiga imzo chekkanlarini e’lon qilishdan mamnunman. Bu shuni anglatadiki, barcha garovga olinganlar tez orada ozod qilinadi va Isroil mustahkam va abadiy tinchlik sari birinchi qadamlar sifatida o‘z qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqa olib chiqadi. Barcha tomonlar adolatli munosabatda bo‘lishadi! Bu arab va musulmon dunyosi, Isroil, butun atrofidagi davlatlar va Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun buyuk kun va biz bu tarixiy va misli ko‘rilmagan voqeani amalga oshirishda biz bilan birga ishlagan Qatar, Misr va Turkiya vositachilariga minnatdorlik bildiramiz”, deb yozdi Tramp.

Asosiy vositachi Qatar Tashqi ishlar vazirligi esa mazkur kelishuv G‘azo sektoriga yordamning kirib kelishiga qo‘yilgan to‘siqlarni ham olib tashlashni o‘z ichiga olishi, batafsil ma’lumotlar esa keyinroq ochiqlanishini e’lon qildi.

HAMAS Falastin mustaqil bo‘lguncha sektorda qolmoqchi

Shundan so‘ng, HAMAS ham kelishuvga o‘z munosabatini bildirib, Qatar, Misr va Turkiyadagi vositachilarning sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Harakat o‘z bayonotida AQSH prezidenti Donald Trampning urushni butunlay to‘xtatish va G‘azo sektoridan ishg‘olchi harbiy kuchlarni to‘liq olib chiqishda ko‘rsatgan tashabbusini alohida qadrlashini ta’kidladi. Ammo harakat a’zolari Tramp va ushbu kelishuv tepasida turgan boshqa kafil davlatlarni Isroil kelishuvdagi majburiyatlarini to‘liq bajarishi uchun unga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

“Biz xalqimizning fidoyiliklari benatija ketmasligini, ozodlik, mustaqillik va o‘z taqdirini o‘zi belgilashga erishilmaguncha, g‘oyaga sodiq qolishimizni, xalqimizning milliy huquqlaridan voz kechmasligimizni tasdiqlaymiz”, deyiladi HAMAS bayonotida.

AQSHning yuqori lavozimli rasmiysi Axios’ga juda katta ishonch bilan G‘azodagi urush tugaganini aytgan. G‘azoda esa tinchlik kelishuvi e’lon qilinganidan keyin bayramlar boshlandi. Ikki yillik juda og‘ir, ayanchli va dahshatli qirg‘inlarni boshdan kechirgan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, bu jirkanch jarayonlarda o‘z yaqinlarini yo‘qotib, genotsid og‘rig‘ini o‘z tanasida his qilganlar tinchlikni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan xursandchilik bilan kutib oldi.

Tugadi!

Tarixga ikki yillik qirg‘inning ham tashkilotchisi, ham ijrochisi bo‘lib kirgan va kelajakda hech qanday holatda yaxshi nom bilan esga olinmasligi tayin bo‘lgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 10 oktyabr kuni o‘z hukumatini yig‘ib, kelishuvni tasdiqlashi va garovdagi barcha isroilliklarni uyga qaytarib olishini aytdi. Garovdagilar esa Isroil vazirlar mahkamasi kelishuvni ma’qullaganidan 72 soat o‘tib ozod qilinishi aytilyapti. Demak, uzog‘i bilan 13 oktyabr kuni g‘azoliklar bemalol nafas rostlashlari mumkin.

Tomonlar Qohirada masalaning dastlabki bobini yopganidan so‘ng, Tramp va Netanyaxu darhol telefon orqali suhbatlashdi. Netanyaxu idorasi ikki rahbar o‘rtasidagi suhbat juda iliq o‘tgani va ular barcha garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolangani bilan bir-birini tabriklaganini ma’lum qildi. Suhbatda Netanyahu Trampga barcha sa’y-harakatlari va global yetakchiligi uchun minnatdorlik bildirab, uni Knessetda, ya’ni Isroil parlamentida nutq so‘zlash uchun taklif qilgan. Tramp esa bu taklifni qabul qilgan va u 12 oktyabr kuni Isroilga tashrif buyurishi mumkin.

Ha, genotsid – XXI asrning eng dahshatli fojiasi hozircha to‘xtatildi. Bundan ochig‘i hech kim hech narsa yutgani yo‘q. Agar kelajakda G‘azoni kurort zonaga aylantirish dardida yurgan va G‘azodagi boshqaruvni qo‘lga olishi kutilayotgan Toni Bler va Tramp atrofidagi milliarder sionistlar sektorning O‘rta Yer dengiziga tutashganligidan foydalanib biror loyihalaridan manfaat ko‘rmasa, ayni damda bu qirg‘indan hech kim hech nima yutmadi deb bemalol aytish mumkin.

Butun insoniyat yutqazdi. G‘azo dardi diniy, etnik va boshqa chegaralarni ham buzib o‘tib, insoniylik hissi bo‘lgan har qanday odamni ikki yil davomida bezovta qildi. 67 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 170 mingga yaqin begunoh mayib-majruh qilindi. Go‘daklardan tortib yosh-qarigacha sektor aholisining katta qismi mislsiz jismoniy va ma’naviy zo‘ravonlik qurboniga aylandi. G‘azo yer bilan yakson qilindi. G‘azo xalqaro huquq va xalqaro tartibdan tortib, inson huquqlari degan bir qancha tushunchalarning qabriga aylandi.

Eng yomoni – hali ham uning kelajagi katta so‘roq ostida turibdi. Chunki oldinda Trampning tinchlik rejasida yozilgan yana o‘nlab bandlar kelishilishi kerak. Undagi eng murakkab nuqtalardan biri esa HAMASning sektordan chiqib ketishi hamda mustaqil, butun dunyo birdek e’tirof etadigan Ozod Falastin davlatining tuzilishi haqidagi va’dalardir.

Oldinda juda ko‘p murakkabliklar bor. Bu ham yetmagandek, fan va sohalar bo‘yicha birin-ketin e’lon qilinayotgan Nobel laureatlaridan keyin, 10 oktyabr kuni navbat Tinchlik mukofotiga keladi. Umid qilamizki, Tramp aynan shu mukofotga ega chiqish uchungina muzokaralarni 9 oktyabrga taqamagan. Bunga shunchaki umid qilamiz, ammo ishonchimiz unchalik kuchli emas.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp genotsid Misr Qatar Falastin Isroil Oq uy Netan'yaxu G'azo HAMAS Sharm al-Shayx

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing