Asosiy maqsadimiz ilk g‘alabani nishonlash – Shomurodov
Sport
−
06:27 2397 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Jahon chempionati guruh bosqichi so‘nggi turidan o‘rin olgan Kongoga qarshi bahs oldidan jamoaning asosiy maqsadi turnirdagi ilk g‘alaba qo‘lga kiritish ekanini ta’kidladi. Bu haqda Shomurodov o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Tajribali hujumchining so‘zlariga ko‘ra, futbolchilarning eng katta istagi — o‘zbekistonlik muxlislarni xursand qilish.
“Asosiy maqsadimiz — bizni qo‘llab turgan xalqimizni xursand qilish. Ilk golimizni urdik, endigi vazifamiz Jahon chempionatidagi birinchi g‘alabaga erishish”, deydi Shomurodov.
Shuningdek terma jamoa sardori jamoa faqat hujum haqida emas, himoya haqida ham o‘ylashi kerakligini ta’kidladi.
“Himoyani ham unutmasligimiz kerak. Gol urishga intilib, orqa chiziqni e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Birinchi navbatda g‘alaba qozonish muhim. Buning uchun tartibli va intizomli o‘yin namoyish etishimiz kerak”, deydi u.
Eldor Shomurodov muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi futbolchilar uchun katta kuch bo‘layotganini ham alohida ta’kidladi.
“Muxlislarimiz bizga katta kuch bag‘ishladi. Nafaqat stadiondagi, balki O‘zbekistondagi ishqibozlarimizning ham qo‘llab-quvvatlashini his qildik. Ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz va keyingi o‘yinda ularni xursand qilish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz”, deydi Shomurodov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ertaga, 28 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 4:30 da boshlanadi. Jahon chempionatidagi yurishini davom ettirishi uchun O‘zbekiston terma jamoasi raqibni 5 ta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchratishi kerak bo‘ladi. Pley-offga chiqish uchun Kongo DR terma jamoasiga har qanday hisobdagi g‘alaba qanoatlantiradi.
Live
Barchasi