Asilzoda-2. Qirolichaning kelini Diananing o‘limi ortida qanday sir bor?

Bu qiziq 26106
image

“Qayg‘u - bu sevgi uchun to‘lashimiz kerak bo‘lgan tovon”.

Buyuk Biritaniya qirolichasi Yelizaveta II

Taxt shunday narsaki, u hatto, o‘zganing soyasini ham sig‘dirmaydi. Hokimiyatning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bo‘lib, uni buzish mumkin emas. Qoidani buzganlar qattiq jazolanadi. Shahzoda Charlz Uelskiyning xotini malika Diana qirollik oilasiga tegishli bo‘lgan ayrim sirlarni ommaga oshkor qilmoqchi edi. Biroq u bunga ulgurmadi. Shahzoda Garri ham monarxiya qonunlarini buzganligi uchun qirollik oilasidan chetlatildi.

Kuni kecha e’lon qilingan “Asilzoda. 69 yildan buyon dunyoni “qo‘lida tutayotgan” ayol” nomli maqolaning 1-qismi o‘quvchilar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. 69 yildan buyon Britaniya taxtida hukmronlik qilib kelayotgan qirolicha Yelizaveta II va qirollik oilasi haqida biz bilgan va bilmagan sirlar talaygina. Demak, yana Britaniya qirollik oilasi, Bukingem saroyida mehmonmiz.

Qirolichani yo‘q qilishga urinishlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, qirollik oilasini maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 50 ta qo‘riqchi himoya qiladi. Shunga qaramay, Yelizaveta II hukmronlik yillarida maxsus kuchlar qirollik oilasi a’zolarining shaxsiy xavfsizligini buzish bilan bog‘liq 20 dan ortiq holatni qayd etgan.

1966 yilda qirolicha Yelizaveta II Shimoliy Irlandiya poytaxti Belfast shahriga tashrif buyurdi. Shahar ko‘chalaridan o‘tib ketayotgan qirolicha o‘tirgan maxsus avtomobil ustiga yuqoridan katta beton bo‘lagi kelib tushdi. Bu holatda qirolichaga hech qanday zarar yetmagan.

1970 yilda Qirolichaga nisbatan navbatdagi suiqasd sodir bo‘ldi. O‘sha yilning aprel oyida Yelizaveta II Avstraliyaga tashrif buyurdi. Qirolicha poyezdda Sidneydan Orindj shahriga yo‘l oldi. Suiqasd mualliflari katta tezlikda harakatlanayotgan poyezdni relsdan chiqarib yuborish uchun bir nuqtaga maxsus uskuna o‘rnatishgan. Baxtli tasodif tufayli aynan maxsus uskuna o‘rnatilgan nuqtadan poyezd sekin harakatlanib o‘tib ketadi. Poyezd o‘tishdan roppa-rosa bir soat oldin temir yo‘l maxsus lokomotiv yordamida ko‘zdan kechirilgan edi.

Suiqasdlar faqatgina qirolicha Yelizaveta II ga nisbatan bo‘lmagan. Qirollik oila a’zolariga ham suiqasdlar uyushtirilgan. Misol uchun 1974 yilda Bukingem saroyi yaqinida noma’lum shaxslar malika Annani o‘g‘irlab ketishga uringan. Bundan tashqari, 1981 yilning may oyida terrorchilar Uels shahzodasi Charlz nomiga bomba joylangan sovg‘ani qirollik oilasiga yuboradi. Lekin saroyga kelgan har bir sovg‘a egasiga berilishidan oldin, maxsus tekshiruvdan o‘tgan. Sovg‘a tekshirilganda, uning ichida bomba borligi aniqlangan. Bu voqedan bir oy o‘tib, Yelizaveta II ga hujum uyushtirildi. An’anaviy parad vaqtida bir yigit qirolicha mingan ot oldiga kelib, to‘pponchadan olti marotaba o‘q uzdi. Ammo o‘qlar haqiqiy emasdi. Hujumni ishsiz britaniyalik Markus Sardjent amalga oshirgan. Ma’lum bo‘lishicha, Markus bu hujumni xalq oldida qirolichani obro‘sizlantirish uchun qilgan.

Oila atrofidagi mojarolar

Qirolicha Yelizaveta II ning yagona Margareta isimli singlisi bo‘lib, ular o‘rtasidagi munosabatlar Yelizaveta taxtga kelishi va singlisining havoyi orzu-havaslariga qarshi chiqishi ortidan sovuqlashib borgan. Jozibador Margareta o‘zidan 16 yosh katta Piter Taunsendni yaxshi ko‘rib qolgandi. Piter Taunsend Ikkinchi jahon urushining qahramoni hisoblangan. Malika Margareta ko‘p vaqtini Piter bilan o‘tkazar, bu o‘z navbatida qirolichani xavotirga solar edi. Qirolicha singlisining qarshiliklariga qaramay, uni bankir oilasidan chiqqan Entoni Armstrong Jonsga turmushga berdi. Shundan so‘ng, opa-singil orasiga sovuqchilik tushgan.

Qirolicha Yelizaveta II hukmronligining 40 yilligi munosabati bilan buyurtma asosida Britaniya qirollik oilasi haqida film suratga olindi. Ushbu filmda qirollik oilasi katta qasr atrofidagi maysazorda o‘ynayotgan, ko‘p bolali, baxtli oila sifatida tasvirlangan. Biroq film efirga chiqqanidan bir oy o‘tgach, qirollik oilasiga ko‘z tegdi.

Qirolichaning ikkinchi o‘g‘li shahzoda Endryu oilasida kelishmovchilik chiqdi. 1996 yil shahzoda Endryu rafiqasi Sara Fergyuson bilan ajrashdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, malika Sara shahzoda Endryuga ko‘p bosim o‘tkazgan. Hatto, ayrim ommaviy axborot vositalari malika texaslik millioner Stiv Uayt bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani haqida xabar berdi. Tez orada eridan ajrashgan Sara Stiv Uayt bilan turmush qurdi.

O‘sha yilli shahzoda Charlz ham malika Diana bilan ajrashdi. Ichki nizolar oila kattasi Yelizaveta II ning qalbini chuqur yaraladi.

Malika Diananing sirli o‘limi

1996 yilda oiladagi kelishmovchilik natijasida malika Diana shahzoda Charlz bilan ajrashdi. 1997 yil 31 avgust kuni Diana Parijda avtohalokat oqibatida vafot etdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu hodisa mashina haydovchisining mast holatda bo‘lgani sabab yuz bergan. Biroq ko‘plab gazetalar bu halokat ortida yashirin kuch turgani haqida yozdi. Haqiqatan ham bu voqea haqida juda ko‘p tafsilotlar mavjud. Xususan, bir-birini inkor etuvchi tekshiruvlar, gumonlanuvchining o‘z joniga qasd qilishi halokatni tasodifan ro‘y berganini rad etadi.

Malika Diana eri bilan ajrashgach, misrlik milliarder Muhammad al-Feydning o‘g‘li al-Feyd Dodi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. 31 avgust kuni Parijdagi “Ritz” mehmonxonasidan malika Diana, al-Feyd Dodi va qo‘riqchi Trevor Mercedes-Benz W140 rusumli avtomobilga o‘tirishdi. Tungi soat 00:23 da avtomobil yer osti tunnelida beton devorga urilib, halokatga uchradi. Haydovchi va al-Feyd Dodi voqea joyida vafot etdi. Diana esa bir necha soatdan keyin shifoxonada jon berdi. Halokatdan yagona omon qolgan qo‘riqchi Trevor o‘z xotirasini yo‘qotgan. Doktorlarning ta’kidlashicha, Trevor boshiga tushgan kuchli zarb tufayli barcha voqealarni unutgan.

Bir qator guvohlar baxtsiz hodisadan keyin oq rangli Fiat Uno rusimli avtomobil tunneldan katta tezlikda chiqib ketganini ko‘rgan. Shundan keyin ekspertlar tunneldagi baxtsiz hodisa joyidan oq bo‘yoq izlarini topdi. Ma’lum bo‘lishicha, halokatga oq avtomobil haydovchisi aybdor bo‘lgan. Shundan so‘ng Fiat Uno’ning haydovchisi qidiruvga berildi. Lekin gumonlanuvchi jonsiz holatda topilgan.

Misrlik milliarder Muhammad al-Feyd rasmiy tergov xulosalarini inkor etib, mustaqil detektivlarni ishga soldi. Milliarderning ta’kidlashicha, avariya Britaniya maxsus kuchlari tomonidan uyushtirilgan. Bunga sobiq malikaning homiladorligi va uning o‘g‘li Dianaga uylanmoqchi ekani sabab bo‘lgan. Muhammad al-Feydning iddaolariga ko‘ra, qirollik oilasi Britaniya taxti vorisining o‘gay otasi musulmon bo‘lishini istamagan. Chunki malika Diana dunyoga keltirgan bola katta ehtimol bilan Britaniya taxtiga o‘tirishi mumkin edi. Diananing o‘limidan so‘ng, uning jasadi darhol hech qanday tekshirishlarsiz dafn etilgan.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, malika Diana qirollik oilasiga tegishli maxfiy sirlarni ommaga oshkor qilmoqchi bo‘lgan. Bu qanday sir bo‘lishi mumkin? Diana qirollik oilasi maxfiy tarzda mason tashkiloti va Rotshildlar bilan kelishgan holda ish olib borishidan xabar topgan. Biroq u bu sirni oshkor qilishga ulgurmadi.

Shahzoda Garri nima uchun oiladan chetlatildi?

Shahzoda Charlz Uelskiyning o‘g‘li, qirollik taxtiga oltinchi da’vogar Sasseks gersogi Genri Charlz amerikalik aktrisa Megan Marklni sevib qoladi. Biroq shahzoda Megan Marklga uylana olmasdi. Sababi amerikalik aktrisa eridan ajrashgan. Monarxiya qonunlariga ko‘ra, shahzodalar ajrashgan ayol bilan turmush qurishi taqiqlanadi. Biroq Genri Charlz Marklga juda qattiq oshiq bo‘lgandi. Shahzoda qirollik oilasi vakolatlaridan voz kechib, 2018 yil 19 may kuni amerikalik aktrisaga uylandi. Tez orada yosh oila unvon uchun ajratilgan moliyaviy mablag‘lardan voz kechib, shunday deyishdi:

“Ko‘p oy davomida o‘ylab va mulohaza yuritib mana shu monarxiya ichida asta-sekin yangi progressiv rolga o‘tishga qaror qildik. Biz qirollik oilasining “yuqori martabali” a’zolari oldida hisobdorlikdan qutilish va moliyaviy mustaqil bo‘lish uchun chetga chiqmoqchimiz. Shu bilan birga qirolicha Zoti Oliyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”.

Xozirgi kunda Garri Charlz va Megan Markl AQSHda yashab kelmoqda.

Qirolichaning boyligi qancha?

Xabarlarga ko‘ra, 2014 yilda Britaniya fuqarolari monarxiyani saqlab qolish uchun ma’lum miqdorda soliq to‘lashgan. To‘plangan mablag‘ning uchdan bir qismi, aniqrog‘i – 13,3 million funt sterling qirollik saroyini ta’mirlash uchun sarflangan.

Qirolicha Yelizaveta II ning asosiy daromad manbasi “Crown Estate” yoki “suveren grant” deb ataladigan daromadning belgilangan foizi hisoblanadi. Qonunga ko‘ra, “Crown Estate”ning barcha daromadi davlat g‘aznasiga tushadi. Undan Britaniya monarxi o‘zining 15 foizi ulushini oladi.

2020 yilning dastlabki uch oyida “Crown Estate” 285 million funt sterling ishlab topdi. Shu puldan 43 million funt sterling qirolichaning cho‘ntagiga tushgan. Ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, Yelizaveta II ning boyligi 110 million funt sterling. Bunda qirolichaga tegishli Rembrandt, Klod Mone va boshqa mashhur rassomlarning asarini o‘z ichiga olgan badiiy kolleksiyaning qiymati hisobga olinmagan.

Taxt uchun nomzodlar

Taxtga vorislik haqidagi qonunga ko‘ra, Britaniyada qirolning o‘g‘li o‘z opa va singlisidan ustun bo‘lib, taxtni otasidan meros qilib olgan. Biroq 2011 yilda taxtga vorislik to‘g‘risidagi qonunni isloh qilish masalasi parlamentda muhokamaga qo‘yildi. 2013 yilda vorislik qoidalari o‘zgartirildi. Yangi qonunga ko‘ra, tojga egalik qilish uchun ikkala jinsdagi avlodlarga teng huquq berildi va eng yoshi katta voris taxtni egallaydigan bo‘ldi.

Yelizaveta II ning vorisi uning to‘ng‘ich o‘g‘li Uels shahzodasi Charlz hisoblanadi. 2006 yilning yanvar oyida qirolicha o‘z vakolatlarining bir qismini katta o‘g‘liga topshirdi. Biroq hozircha Yelizaveta II har hafta Bosh vazir bilan uchrashish, parlament majlisining rasmiy ochilishida qatnashish kabi vazifalarni o‘zida saqlab turibdi.

2006 yilning may oyida “The Times” gazetasi Uels shahzodasi haqida maqola chop etdi. Bu maqola mahalliy matbuotda shov-shuvga sabab bo‘ldi. Maqola matnida shahzoda Charlz taxtga o‘tirsa, mamlakatda katta siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishi yozilgan edi. Ushbu maqolani “The Times” bosh muxbiri Katrin Mayer aniq manbalarga tayanib yozgan. Maqolani o‘qigan ayrim britaniyalik siyosatchilar xavotirga tushib qolishdi. Lekin qirollik taxtga shahzoda Charlzdan boshqa nomzodlar ham bor. Misol uchun uning to‘ng‘ich o‘g‘li Uilyam Artur Filipp Luis.

Agar qirolicha vafot etsa, mamlakat qancha zarar ko‘radi?

2021 yil 9 aprel kuni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II o‘z suyanchig‘idan ayrildi. Edinburg gersogi Filipp Mauntbetten 99 yoshida vafot etdi. Uning o‘limi malika uchun chuqur va o‘rnini bosmaydigan yo‘qotish bo‘ldi. Qirolicha Yelizaveta II va Filipp 74 yil mobaynida birga hayot kechirishdi. Ularning muhabbati hech qachon ommaga ko‘z-ko‘z qilinmagan, ammo, abadiy va eng aqlbovar qilmaydigan voqealar sifatida yodda qoldi.

Har qanday vaziyatda xushmuomala hamda vazmin ko‘ringan inglizlar Yelizaveta II ning vafotidan keyin qanday yashashlarini uzoq va ko‘p marta muhokama qilishgan.

Yelizaveta II ning vafoti Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga katta zarar keltiradi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, qirolichaning vafotidan so‘ng mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6 milliard funt sterlingga tushib ketishi mumkin. Ushbu moliyaviy yo‘qotishlar o‘z ichiga janoza marosimi xarajatlarini olmaydi. Bunday yo‘qotish, avvalo, qirolicha vafot etgan daqiqalardan to 12 kun davom etadigan motam, mamlakatda ishbilarmonlik va ijtimoiy hayot muzlashi bilan bog‘liq.

Qirolicha o‘lsa, qimmatli qog‘ozlar bozorlari va banklar noma’lum muddatga yopiladi. Televizion kanallar barcha ko‘ngilochar ko‘rsatuvlari va seriallar namoyishini bekor qilishga majbur bo‘ladi. Xuddi shu taqiqlar mamlakat bo‘ylab teatr va konsert tomoshalariga ham taalluqli. Ko‘ngilochar mahsulotlar va xizmatlar sohasi katta yo‘qotishlarga duch keladi. Bu haqida kelgusi maqolamizda gaplashamiz.

Sardor Ali Nurmatov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 718
Reyting: 3
t
×