Ashraf G‘ani Marshal Do‘stum bilan “Tolibon”ga qarshi kurash masalasini muhokama qildi

Olam

image

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani hamda mamlakat shimolida yashovchi o‘zbek, tojik va hazara jamoatlari rahbarlari “Tolibon”ga qarshi kurashda xalq qo‘shinlariga yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha muhokama o‘tkazdi. Bu haqda “Asia Plus” nashri xabar bemoqda.

Qayd etilishicha, kecha, 11 avgust kuni uchrashuv Afg‘oniston shimolidagi eng yirik shahar — hozirda “Tolibon” jangarilari qurshovida bo‘lgan Mozori-Sharifda bo‘lib o‘tgan. Ashraf G‘ani shu kuni fuqarolik reysi bilan shaharga kelgan.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda o‘zbek jamoatidan marshal Abdul Rashid Do‘stum, tojik jamoatidan Atta Muhammad Nur, hazara jamoatidan Hoji-Muhammad Mohakik ishtirok etgan. 

Ta’kidlash joizki, ularning barchasi Shimoliy alyans deb ataladigan ittifoqning sobiq rahbarlaridir. Ular 1990 yillarda “Tolibon”ga qarshi kurashgan va 2001 yilning kuzida AQSH armiyasiga Afg‘onistonni jangarilardan ozod qilishda yordam bergan.

Qayd etish kerakki, Qatar poytaxti Dohada 10 avgustdan boshlab Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” delegatsiyalari o‘rtasida AQSH, Rossiya va Xitoy kabi bir qator manfaatdor davlatlar diplomatlari vositachiligida uch kunlik maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda. Ular Afg‘onistonda jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida maslahatlashmoqda.

Ma’lumot uchun, “Tolibon” mamlakatdagi 34 viloyat markazidan 9 tasi harakat nazoratida bo‘lib turibdi. Nimro‘z, Juzjon, Sari-Pul, Qunduz, Taxor, Samangan, Farax, Bog‘lon va Badaxshon viloyatlari markazini egallagan. Toliblar o‘zi egallagan shaharlarda birinchilardan bo‘lib qamoqxonalardag mahkumlarni ozod qilmoqda.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing