Ashraf G‘ani iste’foga chiqmagunga qadar Afg‘onistonda tinchlik bo‘lmaydi — “Tolibon”

Olam

image

“Tolibon” hokimiyatni monopoliyalashtirish niyatida emas. Ammo muzokaralar asosida Qobulda yangi hukumat tuzilmaguncha va Prezident Ashraf G‘ani iste’foga chiqmagunga qadar Afg‘onistonda tinchlik bo‘lmaydi. Bu haqda bugun, 23 iyul kuni harakati matbuot kotibi Suxayl Shohin ma’lum qildi.

“Men shuni aniq aytmoqchimanki, biz hokimiyatni monopoliyalashtirishga ishonmaymiz, chunki ilgari Afg‘onistonda hokimiyatni monopollashtirishga urinib ko‘rgan har qanday hukumatlar muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan. Shunday qilib, biz ushbu formulani ishga tushirishni xohlamaymiz”, deydi Shohin.

Shuningdek, harakat matbuot kotibi yaqinda Qatarda bo‘lib o‘tgan “Tolibon” va Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi muzokaralarni yuqori baholagan. Shu bilan birga, Shohin “Tolibon” nomidan Qobulning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi takroriy chaqiruvlariga rad javobini bergan hamda Prezident G‘ani hokimiyatdaligida bu ilojsizligini ta’kidlagan.

Qayd etish kerakki, Suxayl Shohin nafaqat “Tolibon” matbuot kotibi, balki harakatning muzokaralar guruhi a’zosi hamdir. U Afg‘oniston Prezidentini “urush o‘tini yoquvchi”, deb atagan va Afg‘onistondagi so‘nggi prezidentlik saylovlarida firibgarlik bo‘lganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Afg‘onistondagi 2019 yilgi prezidentlik saylovlarida amaldagi Prezident Ashraf G‘ani 50,64 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozongan. O‘z navbatida, G‘anining eng yaqin ta’qibchisi hisoblangan Abdulla Abdulla saylov jarayonlarida Ashraf G‘anining foydasiga ko‘plab qalbakilashtirishlar bo‘lganini ta’kidlagan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

70

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing