Ashxobodda oziq-ovqat tanqisligi keskinlashdi

Olam

image

Turkmaniston poytaxti Ashxobodda oziq-ovqat mahsulotlarining tanqisligi yuzaga kelmoqda. Kunlik ehtiyojlar uchun zarur bo‘lgan ratsion (ma’lum vaqtda beriladigan oziq-ovqat) mahsulotlarini yetkazib berishda uzilishlar mavjud. Shahar aholisi kutilgan vaqtda o‘z ratsionini olmagan. Bu haqda “Turkmen news” nashri xabar bermoqda.

Joriy yilning aprel oyidan buyon davlat narxida sotiladigan mahsulotlarni poytaxt aholisining uylariga yetkazib berish boshlangandi. Chunki, o‘sha vaqtda ham oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelib, savdo rastalarining oldida yuzlab odamlar to‘plana boshlagan. Turnaqator navbatlarni rahbariyat Prezidentni “obro‘sizlantiradi”, poytaxt qiyofasini buzadi, deb hisoblab, ushbu amaliyotni joriy qilgan.

Ayni paytda ba’zi oilalarga ratsion har 10 kunda bir marta yetib kelyapti. Ammo ularga ham zarur mahsulotlarning hammasi berilmagan. Davlat do‘konlari ushbu holatni karantin va yo‘llarning yopilishi bilan izohlamoqda. Hatto ba’zi poytaxtliklarga davlat do‘konlarining xodimlari bundan buyon ratsion oyiga bir marta yetkazib berilishini aytgan.

“Mening uyimda taxminan bir haftaga yetadigan yog‘ bor. Bundan buyon ratsion 10 kunda emas, oyda bir marta keladigan bo‘lsa, qanday yashaymiz”, deb shikoyat qiladi shaharliklardan biri.

Turkmanistondagi davlat do‘konlarida cheklangan turdagi mahsulotlarning narxi taxminan bir oylik maoshga teng. Xususiy do‘konlarda narx noqonuniy bozordagi dollar kursiga qarab belgilangan. Hozirda bir dollar taxminan 33 manatni tashkil qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning bahorida mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz yanada og‘irlashdi. Oqibatda, mahalliy davlat do‘konida har bir oilaga cheklangan miqdordagi oziq-ovqat sotildi. Bir yil o‘tgach, Ashxobodda bu mahsulotlar uylarga yetkazib berila boshladi va yaqinda Turkmanobodda ham shunday amaliyot joriy etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

381

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing