Asaubayeva Prezidentga shikoyat yo‘lladi (video)
Sport
−
11:22 6793 2 daqiqa
Qozog‘istonlik mashhur shaxmatchi, xalqaro grossmeyster va ayollar o‘rtasidagi jahon reytingi yetakchilaridan biri bo‘lgan Bibisora Asaubayeva Sport vazirligi uning maoshini uch barobarga qisqartirilganini da’vo qilib, mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga videomurojaat yo‘lladi. Bu haqda Asaubayeva Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Sportchining ta’kidlashicha, u nufuzli Norvegiya 2026 turnirida g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, musobaqaga tayyorgarlik jarayoni o‘z mablag‘lari va ota-onasining ko‘magi hisobidan moliyalashtirilgan.
Shuningdek, jamoada ishlagan tahlilchilar va sekundantlar xizmati uchun haligacha to‘lov amalga oshirilmagan.
Asaubayeva o‘z murojaatida mamlakatda shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari deyarli yo‘qligini ta’kidlab, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimidagi muammolarga e’tibor qaratdi.
“Jahon chempionatidagi g‘alaba uchun Sport vazirligi tomonidan ajratilgan mukofot atigi 2 ming dollarni tashkil etadi. Olimpiya o‘yinlari medali uchun esa – 250 ming dollar beriladi. Qozog‘istonda mendan boshqa erkaklar yoki ayollar o‘rtasidagi jahon chempionlari yo‘q”, deydi shaxmatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yildan beri olib kelayotgan davlat maoshi 2025 yilda yangi sport vaziri kelgach uch baravar qisqartirilgan. Shu bilan birga, u Qozog‘iston shaxmat federatsiyasidan hech qachon maosh olmaganini ma’lum qildi.
Shaxmatchi shu yil boshida blits yo‘nalishidagi jahon chempionatida uchinchi oltin medalini qo‘lga kiritib, ayollar o‘rtasidagi Jahon shaxmat toji uchun nomzodlar turniriga yo‘llanma olgan. Biroq muhim musobaqaga to‘liq tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur mablag‘ ajratilmagani sababli, uning jamoasi masofadan ishlashga majbur bo‘lgan.
Asaubayeva, shuningdek, davlat tomonidan va’da qilingan qo‘llab-quvvatlash amalga oshmagani, turli idoralarga yuborilgan murojaatlar esa javobsiz qolganini aytdi.
Ma’lumot uchun, Bibisora Asaubayeva yaqinda Osloda bo‘lib o‘tgan nufuzli Norvegiya turnirida muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritib, musobaqa tarixida bunday natijaga erishgan ilk qozog‘istonlik shaxmatchiga aylandi.
Shuningdek, yangilangan FIDE reytingiga ko‘ra, u ayollar o‘rtasida jahon reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Live
Barchasi