Asakada maktab o‘quvchilari stol-stulsiz xonada dars o‘tishmoqda (video)
Jamiyat
−
08 Oktabr 2022 8379 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilarining stol-stullarsiz dars jarayonida qatnashayotgani aks etgan video tarqalmoqda. Aytilishicha, holat Andijon viloyati Asaka tumanidagi 29-maktabda sodir bo‘lgan.
Videoda 15 nafarga yaqin o‘quvchilarning tik turgan holatda darsni tinglayotganini, sinfxonada faqat 3 tagina o‘quvchi partasi mavjud bo‘lib, ularda g‘am o‘tirish uchun o‘rindiqlarning yo‘qligini ko‘rish mumkin.
O‘qituvchi esa tik turgan o‘quvchilarga “Inson psixologiyasi va shaxs etikasi” mavzusida dars o‘tayotgan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Asaka tumani Xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.
Munosabatda yozilishicha, tumandagi 28-sonli umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli, maktabning ayrim sinflari 29-sonli umumta’lim maktabining 3 qavatiga ko‘chirilgan bo‘lib, dars mashg‘ulotlari uchun zarur o‘quv jihozlari to‘liq ta’minlangan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatda 28-umumta’lim maktabi o‘quvchilari dars mashg‘ulotlarini yakunlagandan so‘ng, o‘quvchilarga to‘garak mashg‘ulotlari o‘tilayotgan vaqtda ushbu xonada partalar almashinuvini amalga oshirish jarayonida videotasvirga olingan va shu bois xonada jihozlar yo‘qdek ko‘rinish hosil bo‘lgan”, deyiladi tuman xalq ta’lim bo‘limi bayonotida.
Shuningdek, bo‘lim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ta’limga oid turli xabarlarni noto‘g‘ri talqin etmaslik kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr