Asadning Moskvadagi hayoti qanday o‘tayotgani ochiqlandi

Olam

image

Mamlakatdan qochib Rossiyadan boshpana olgan, Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezidenti Bashar Asad oilasi bilan Moskva shahrida yashaydi va soatlab onlayn o‘yinlar o‘ynaydi. Bu haqda Germaniyaning “Die Zeit” gazetasi uni bolaligidan tanigan Asad oilasiga yaqin manbaga tayangan holda xabar berdi.

Manba, gazetaning aniqlik kiritishicha, 2011 yilda mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin Suriyani tark etgan va shundan beri Yevropada yashab keladi. Bunga avval yuqori martabali harbiy lavozimni egallagan Asad bilan kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan.

Nashr manbasining aytishicha, ma’lumot unga “ishonchli manbalar” tomonidan taqdim etilgan. Gazeta, ammo bu ma’lumotni tekshirishning iloji yo‘qligini yozadi.

Qayd etilishicha, Asad “pastida savdo markazi bo‘lgan elita ko‘p qavatli uydagi uchta kvartirada yashaydi, u yerga vaqti-vaqti bilan tashrif buyuradi, qolgan vaqtini esa soatlab onlayn o‘yinlar o‘ynab o‘tkazadi”.

Asad Moskva viloyatidagi dala hovlisiga ham tez-tez tashrif buyuradi. Manbaga ko‘ra, uy xususiy qo‘riqlash kompaniyasi tomonidan qo‘riqlanadi. Xabarda yozilishicha, Asad oilasining Moskva shahrida yigirmaga yaqin kvartirasi bor.

Maqolaga “Poytaxtlar shahri” majmuasi aks etgan fotosurat ilova qilingan. Sarlavhada “Asadlar oilasi chap minoradagi 20 ga yaqin xonadonga egalik qiladi” deyiladi. Chap tomonda 76 qavatli Moskva minorasi joylashgan.

2024 yilning dekabrida qurolli muxolifat Damashqqa kirib bordi, shundan so‘ng Bashar Asad iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi. Rejimning ag‘darilishida muhim rol o‘ynagan “Hayat Tahrir ash-Shom” rahbari Ahmad ash-Shara muvaqqat prezident etib tayinlandi.

Asad va uning oilasiga Rossiyadan boshpana berildi. Moskva Suriyaning yangi rasmiylari bilan diplomatik aloqalarni davom ettirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Asad Rossiyada va xavfsiz ekanini tasdiqladi.

“Reuters” agentligi Suriyaning 14 nafar rasmiysiga, siyosatchiga yaqin manbaga va sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga tayangan holda xabar qilishicha, Asad Suriyadan qochib ketgunga qadar 500 ming dollar naqd pul, qimmatbaho buyumlar, hujjatlar, noutbuklar va maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qattiq disklarni olib chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Shu maqsadda Asad maslahatchisi Embraer samolyotini ijaraga olgandi, undan sobiq prezidentning qarindoshlari va boshqalarni evakuatsiya qilishda foydalanilgan. Asad rejimi qulashiga 48 soat qolganda, samolyot to‘rt marta parvoz qildi.

“Financial Times” 2019 yilda Asad oilasi Moskva shahrida ko‘chmas mulk sotib olgani haqida xabar bergan edi. Nashrning yozishicha, 2013 yildan 2019 yilgacha Asadning qarindoshlari – amakisi Muhammad Maxlufning oila a’zolari Moskvada 40 million dollarlik ko‘chmas mulk sotib olgan. Gazetaning yozishicha, sotib olingan 20 ta xonadondan kamida 18 tasi Moskva shahridagi “Poytaxtlar shahri” turar-joy majmuasida joylashgan bo‘lib, ularning rasmiy egalari Livan ofshor kompaniyalari bo‘lgan. Keyinroq Federation Tower rahbariyati turar-joy majmuasidan kvartira sotib olganlar orasida Suriya fuqarolari borligini tasdiqladi.

Keyin Kreml Suriya prezidentining oilasi Moskva shahrida hashamatli kvartiralarga egaligidan bexabar ekanini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada “erkin bozor” borligini va Kreml Asadning qarindoshlari tomonidan kvartiralar sotib olingani haqida bilishga majbur emasligini ta’kidladi. Shuningdek, u chet el fuqarolarining poytaxtda ko‘chmas mulk sotib olishi keng tarqalgan amaliyot ekanini qo‘shimcha qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva Bashar Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing