Asad Moskvada! U Putinni va uning rejimini so‘zsiz qo‘llashini bildirdi

Olam

image

Suriya Prezidenti Bashar al-Asad 14 mart kuni kechqurun rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi. U bugun, 16 mart kuni Kremlda Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi. 

Asadning tashrifi Moksvadagi Aleksandr bog‘ida Noma’lum askar yodgorligiga gulchambar qo‘yishdan boshlandi. U respublika bayrog‘i ranglaridagi lenta bog‘langan to‘q qizil atirgullardan iborat gulchambar qo‘yib, halok bo‘lgan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda Rossiya-Suriya hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini, shuningdek, Suriya va uning atrofidagi vaziyatni har tomonlama tartibga solish istiqbollarini muhokama qilgan.

Putin ikki mamlakatning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli xalqaro terrorizmga qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilganini aytgan. 

“Biz doimiy aloqadamiz va munosabatlarimiz rivojlanib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va Rossiya Qurolli kuchlarining Suriyadagi hal qiluvchi hissasi tufayli xalqaro terrorizmga qarshi kurashda sezilarli natijalarga erishildi”, deydi Putin. 

U erishilgan natijalar ijtimoiy-iqtisodiy va ichki siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun imkoniyat berishini ta’kidlagan. 

Putin Suriya xalqi yana bir o‘ta jiddiy muammo – falokat – zilzilaga duch kelganidan afsusda ekanini bildirgan.

“Bu, albatta, vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Lekin biz haqiqiy do‘stlar kabi sizni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdamiz”, deydi u. 

Rossiya rahbari falokatdan keyin Suriyada Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshidagi bo‘linmalar ishlaganini eslatdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurashga Suriyada bo‘lgan Rossiya Qurolli kuchlari vakillari ham hissa qo‘shmoqda. 

Putin, Moskva va Damashq o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yili 7 foizga oshganini esladi. 

“Hamma narsaga qaramay, munosabatlarimiz, jumladan, iqtisodiy sohada ham rivojlanmoqda. O‘tgan yil davomida tovar ayirboshlash hajmi yetti foizga o‘sdi”, deydi u. 

Putin, shuningdek, kelasi yil Rossiya va Suriya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 80 yil to‘lishini urg‘uladi. 

O‘z navbatida, Suriya Prezidenti Bashar al-Asad Rossiya rasmiylariga Arab Respublikasidagi so‘nggi zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. 

“Zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordam bergan Rossiya Federatsiyasi vazirlik va idoralariga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ularning ishtiroki tufayli qurbonlar sonini va zarar ko‘lamini sezilarli darajada kamaytirish mumkin bo‘ldi”, deydi u.

Shuningdek, u, ushbu tashrif ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishini aytdi. 

“Biz Rossiya-Suriya [hukumatlararo] komissiyasi faoliyati natijalaridan mamnunmiz va mening bugungi tashrifim mamlakatlarimiz o‘rtasidagi barcha sohalardagi munosabatlarda yangi bosqichga yo‘l ochadi”, dedi u.

U “eski va yangi fashistlar”ga qarshi kurashda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. 

“Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganidan buyon Moskvaga birinchi marta kelyapman va fursatdan foydalanib eski va yangi fashistlarga qarshi maxsus operatsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Suriya pozitsiyasini ta’kidlamoqchiman. Men bularni eski va yangi fashistlar deb atayman, chunki G‘arb o‘z zaminida eski natsistlarni qabul qilgan va endi ularni yana qo‘llab-quvvatlamoqda”, deydi Suriya rahbari.

Muzokaralarda Rossiya tomonidan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, mudofaa vaziri Sergey Shoygu, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Irek Fayzullin, Moliya vaziri Anton Siluanov, Prezidentning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov, Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, Putin va Asad oxirgi marta 2021-yil sentabrida Suriya prezidenti Moskvaga tashrif buyurganida ko‘rishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Bashar al-Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing