Asad davrida 8 mln suriyalik kuzatuv ostida bo‘lgani aniqlandi
Olam
−
26 may 2025 4020 2 daqiqa
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad boshqaruvi davrida mamlakat maxsus xizmatlari taxminan 8 million fuqaro – ya’ni aholining uchdan bir qismini kuzatgan yoki qidirgan. Bu haqda Suriyaning yangi ma’muriyati ichki ishlar vazirligiga tayanib, “Deutsche Welle” xabar berdi.
Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar, asosan, siyosiy sabablarga ko‘ra maxsus xizmatlar diqqat markaziga tushgan. Qayd etilishicha, namoyishlarda ishtirok etganlar yoki rejimga qarshi bo‘lganlar odatda terrorchilikda ayblanib, hibsga olingan, qamoqqa tashlangan yoki yashirin nazoratga olingan.
“Qidiruvdagi odamlar Suriya xalqining deyarli uchdan bir qismini tashkil etadi. Maxsus xizmatlar va boshqa idoralar ularning har biri haqida ma’lumot to‘plagan”, deyiladi xabarda.
Ommaga ular ustidan kuzatuv olib borilayotgani qidiruvdagi shaxslar faqat chegara nazorat punktlarida ushlanganlarida yoki mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlarida ma’lum bo‘lgan.
Asadning ag‘darilishi
2024 yilning noyabr oyi oxirida “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Hama va Homs viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Sobiq prezident Bashar Asad esa oilasi bilan mamlakatdan qochib ketdi va Rossiyadan boshpana oldi. Mamlakatga yangi hokimiyat o‘rnashgach, Rossiyadan bir necha marta sobiq prezidentni topshirishni so‘radi, ammo Rossiya hukumati bu so‘rovlarni rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad Rossiyaga qochganida o‘zi bilan to‘rtta samolyotda pul va qimmatbaho buyumlarni olib ketgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi