“Arsenal” Vinisius uchun klub tarixidagi eng yuqori maoshni taklif qilmoqchi

Sport

image

Londonning “Arsenal” klubi rahbariyati braziliyalik hujumchi Vinisius Juniorni o‘z safiga qo‘shib olish uchun klub tarixidagi eng yuqori maoshlardan birini taklif etishga tayyor. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Vinisius hozirda haftasiga 400 ming funt sterling maosh olmoqda va London klubi ushbu shartlardan ham yaxshiroq taklif berishga tayyor. Ayni paytda “Arsenal” tarixidagi eng yuqori maosh oluvchi futbolchi fevral oyida shartnomasini uzaytirgan Bukayo Saka bo‘lib, uning haftalik maoshi 365 ming funt sterlingni tashkil etadi.

26 yoshli Vinisius 2018 yilning yozida “Real Madrid” safiga qo‘shilgan. Uning amaldagi shartnomasi 2026-2027 yilgi mavsum yakuniga qadar amal qiladi.

Braziliyalik futbolchi Madrid klubi safida barcha musobaqalarda 375 ta uchrashuvda maydonga tushib, 128 ta gol urgan va 100 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U “Real” bilan uch karra Ispaniya chempioni, uch karra Ispaniya Superkubogi sohibi, ikki karra Chempionlar ligasi g‘olibi, ikki karra UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, uning hisobida Ispaniya kubogi va Qit’alararo kubok ham bor. “Real Madrid”ga o‘tishidan avval Vinisius Braziliyaning “Flamengo” klubida to‘p surgan.

Ma’lumot uchun, Vinisius Braziliya terma jamoasi safida 54 ta uchrashuvda qatnashib, 13 ta gol urgan va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum “Arsenal” 22 yillik tanaffusdan so‘ng, Angliya Premer-ligasi chempionligini qo‘lga kiritgandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing