Armanlar yer ostiga “ekib” ketgan minalarning qanchasi tozalangani aytildi
Olam
−
05 Sentabr 2022
3255Ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunlari bo‘yicha ozod qilingan Ozarbayjon hududlarida 50 ming gektardan ortiq hudud minalardan tozalandi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Minalar bilan kurashish agentligi boshqaruvi raisi Vugar Sulaymonov ma’lum qildi.
Sulaymonov minalardan tozalashga Minalar bilan kurashish agentligidan tashqari Ozarbayjon Mudofaa vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ham jalb qilinganini qayd etgan.
“Bugungacha 67 ming mina va portlamagan o‘q-dorilar tozalandi. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda”, deydi u.
Gap shundaki, Armaniston Qorabog‘ni bosib olganda hududni to‘liq minalashtirgan. Hududlarda Ozarbayjon qo‘liga o‘tgach, ozod qilingan joylarda bir necha bor oyoq ostiga joylashtirilgan minalar portlashi oqibatida ko‘plab harbiylar halok bo‘ldi. Armaniston esa minalangan hududlar xaritasini bermay kelayotgan edi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi