Armanlar bosib olingan yerlarda 67 ta masjiddan 65 tasini vayron qildi – Ilhom Aliyev

Olam

image

Armanistonning Ozarbayjonga qarshi terror siyosati davom etmoqda. Urush tugaganidan beri 250 ga yaqin ozarbayjonliklar minalardan jiddiy jarohat oldi. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni Ag‘dam shahrida bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon shaharsozlik milliy forumida nutq so‘zlagan Prezident Ilhom Aliyev aytib o‘tdi. 

“Bosqin paytida armanlar 1 milliondan ortiq mina o‘rnatgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Lochin viloyatida biz Ikkinchi Qorabog‘ urushi tugaganidan keyin Armaniston Qurolli Kuchlari tomonidan qo‘yilgan 1400 dan ortiq minalarni topdik va zararsizlantirdik. Shunday qilib, Ozarbayjonga qarshi tajovuz, Ozarbayjonga qarshi terror davom etmoqda”, deydi Ozarbayjon rahbari. 

U Armaniston davlati ko‘p o‘n yillar davomida Ozarbayjon yerlarini noqonuniy egallash siyosatini olib borayotganini, bu xalqaro huquq va Jeneva konvensiyasini qo‘pol ravishda buzish ekanini eslatdi.  

“Armanistonga qarshi sanksiya qo‘llash bo‘yicha barcha chaqiriqlarimizga qaramay, xalqaro hamjamiyat bunga ko‘z yumishga qaror qildi. Bosqindan ozod qilinganerlardagi 67 ta masjiddan 65 tasi butunlay vayron bo‘lgan”, deydi Ilhom Aliyev. 

Davlat rahbari barcha sodir bo‘lgan voqealarga qaramay, Ozarbayjon Armanistonga tinchlik taklif qilganini eslatdi. 

Prezidentning fikricha, Armaniston bilan tinchlik shartnomasi besh tamoyilga asoslanishi kerak, ular bir-birining davlatlarining hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olish, kelajakda har qanday hududiy da’volardan voz kechish, kuch ishlatmaslik, chegaralarni delimitatsiya qilish va aloqalarni ochishni o‘z ichiga oladi. 

Davlat rahbari bugun Ozarbayjon oldida yangi vazifalar – Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurni tiklash bo‘yicha vazifalar turganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ozod qilingan barcha viloyatlarning elektr ta’minoti tiklangan. 

“Buyuk qaytish dasturi allaqachon boshlangan. Joriy yilning may oyida Zangilon viloyatida ilk qishloq barpo etilib, birinchi majburiy ko‘chirilganlar o‘z uylariga qaytdi. Birinchi maktab Zangilonda ochildi”, deydi Aliyev. 

Davlat rahbarining aytishicha, Ozarbayjon kelgusi yil oxirigacha Lochin shahrini tiklashni rejalashtirmoqda. 

“Bu oyda biz Zangilon shahrida xalqaro aeroport ochishni rejalashtirganmiz”, deydi u. 

Baku va Yerevan o‘rtasidagi so‘nggi yirik keskinlik joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan edi. Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

90

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing