Armanistonning pozitsiyasida o‘sish bor, lekin bu yetarli emas – Aliyev

Olam

image

Armanistonning tinchlik kelishuvi borasidagi pozitsiyasida o‘sish bor, lekin bu yetarli emas. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uch tomonlama uchrashuvdan keyin jurnalistlarga bayonot berdi. 

Uchrashuvning foydali va konstruktiv o‘tganini qayd etgan Aliyev, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi jarayoni bilan bir qatorda ko‘plab mavzularni muhokama qilganini bildirdi. 

Ilhom Aliyev xalqaro huquq me’yor va tamoyillari asosida tinchlik bitimi tayyorlanishi kerakligini aytib, shunday dedi:  

“Biz uchun Qorabog‘ masalasida biron bir moddaning mavjudligi qabul qilinishi mumkin emas. 3 kun oldin biz Armanistondan yangi javob takliflarini oldik. Endi biz ularni o‘rganmoqdamiz. Bir qarashda Armaniston pozitsiyasida o‘sish bor, ammo bu yetarli emas”. 

Aliyev tomonlar ozarbayjonlik ekologlarning 2022 yilning 12 dekabridan beri davom etayotgan Lochin koridoridagi noroziliklari haqida ham gaplashilganini urg‘uladi. 

“Hech qanday blokada yo‘q. Namoyishlar boshlanganidan beri, ya’ni 12 dekabrdan buyon Lochin yo‘li bo‘ylab Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining 2500 dan ortiq yuk va yengil avtomobillari o‘tgan. Agar blokada bo‘lsa, bu qanday mumkin? Biz bu asossiz ayblovlarni rad etamiz. Biz tabiiy boyliklarimizdan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yishni haqli ravishda talab qilamiz va ishonchim komilki, natijaga erishilmaguncha namoyishchilar taslim bo‘lmaydilar”, deydi Aliyev. 

Prezident, Armaniston va Ozarbayjon chegarasida ikki tomonlama nazorat-o‘tkazish punktlarini o‘rnatishni rasman taklif qilganliklarini, biroq Pashinyan bu savolga javob bermaganini, Yerevanga bu masalada o‘ylash uchun vaqt kerak bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. 

“Bu, albatta, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning normallashuvida muhim omil. Chunki demarkatsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, nazorat-o‘tkazish punktlarisiz buning iloji yo‘q. Agar yo‘llar ochish haqida ketayotgan bo‘lsa, albatta, Zangezur yo‘lagining ikki chetida va Lochin va Armaniston chegarasida nazorat-o‘tkazish punktlari o‘rnatilishi kerak. Bugun men buni rasmiylashtirdim. Bu uch tomonlama uchrashuvdagi taklif. Armanistondan javob kutamiz”, deydi Ozarbayjon rahbari.

2022 yil 12 dekabrda o‘zini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Lochin yo‘lagini (Armaniston va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yagona yo‘l u orqali o‘tadi) to‘sib qo‘ygan. Baku norozilik aksiyasidan maqsad hech qanday yo‘lni to‘sib qo‘yish emasligini, fuqarolik vositalari har ikki yo‘nalishda ham erkin harakatlana olishini bildirdi. 

Yerevan buni Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi. Respublika Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat yig‘ilishida ma’lum qilganidek, Tog‘li Qorabog‘da qamal tufayli oziq-ovqat taqchilligi boshlangan. 14 dekabr kuni Armaniston Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga Ozarbayjonni Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yishga majburlash talabi bilan murojaat qildi.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing