Armanistondagi portlash qurbonlari 16 kishiga yetdi
Olam
−
16 avgust 2022
5052Armaniston poytaxti Yerevan shahridagi “Surmalu” ulgurji-chakana savdo markazida yuz bergan portlash qurbonlari soni 16 kishiga yetdi. Bu haqda bugun, 16 avgust kuni Armaniston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 16 nafar jasad topilgan, ulardan olti nafarining shaxsi aniqlangan, o‘n nafarining kimligi noma’lumligicha qolmoqda. Qurbonlar orasida yosh bola va homilador ayol ham bo‘lgan. 61 nafar jabrlanuvchi Yerevan tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan bo‘lib, ulardan 13 nafari davolanishda qolmoqda, 48 nafariga yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Shuningdek, 18 kishi bedarak yo‘qolganligi bo‘yicha xabar berilgan. Ulardan biri Rossiya fuqarosi – 1959 yilda tug‘ilgan Lyubov Gribova ekani aniqlangan. Undan tashqari ro‘yxatda yana bir xorijlik, Eron fuqarosi Mehdi Tahriri ham bo‘lgan. Yo‘qolganlarning qolganlari Armaniston fuqarolaridir. Bu haqda Armaniston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Ayka Kostanyan ma’lum qilgan.
15 avgust holatiga ko‘ra, voqea joyidagi ishlarda 185 nafar qutqaruvchi ishtirok etgan, Yerevan munitsipalitetidan 20 ta suv tashuvchi, 7 ta qo‘shimcha texnika jalb qilingan.
Yong‘inni o‘chirish ishlarini Favqulodda vaziyatlar vaziri Armen Pambuxchyan muvofiqlashtirgan. Voqea joyiga Bosh vazir Nikol Pashinyan, hududiy boshqaruv va infratuzilma vaziri Gnel Sanosyan ham yetib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 avgust kuni Armaniston poytaxti Yerevandagi “Surmalu” savdo markazining pirotexnika omborida kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Xarobalar 8000-9000 kvadrat metr maydonni egallaydi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi