Armanistonda parlament saylovi: Pashinyan jiddiy kuchlar bilan raqobat qilmoqda

Olam

image

Bugun, 20 iyun kuni Armanistonda Milliy majlisga (bir palatali parlament) muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Kommersant’” xabar bergan. 

Qayd etilishicha, bugun soat 08:00 da (Toshkent vaqti bilan 09:00) 2 mingdan ortiq saylov uchastkalari ochilgan, ovoz berish 22:00 (Toshkent vaqti bilan 23:00) gacha davom etadi. Saylovlarda 25 ta partiya va bloklar ishtirok etmoqda. 

Saylovgacha o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Armaniston Vazirlar mahkamasining hozirgi lideri Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi yetakchilik qilmoqda. 

Xabarga ko‘ra, Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan mamlakat Yozuvchilar uyushmasi binosida joylashgan 9/59 saylov uchastkasida bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda, allaqachon, ovoz bergan.  

Ma’lumot o‘rnida, Armanistonda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan siyosiy inqiroz fonida Bosh vazir va parlamentda vakili bo‘lgan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga kelishib olgandi. 

Joriy yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda deputatlar parlamentni tarqatib yuborishni qonuniy ravishda amalga oshirish uchun zarur rasmiyatchiliklarga rioya qilgandi. Shundan so‘ng, mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini 20 iyunga belgilagandi. 

Nikol Pashinyan va uning hukumati a’zolari saylovgacha vazifa bajaruvchi lavozimida ishlab keldi. Uning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi boshqa kuchlar bilan bloklar tuzishdan bosh tortgan va saylovlarda mustaqil qatnashmoqda. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Pashinyanning saylovdagi asosiy raqiblaridan biri Armanistonning sobiq Prezidenti Robert Kocharyan bo‘ladi. U “Dashnaksutyun” va “Qayta jonlanayotgan Armaniston” partiyalari rahbarlari Ishxan Sagatelyan va Vage Akopyan bilan birgalikda “Armaniston” blokini yaratgan. 

Saylovda Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyanning “Rodina” partiyasi bilan blok tuzgan eks-prezident Serj Sargsyanning Respublikachilar partiyasi ham ishtirok etmoqda. Shuningdek, parlament muxolifati — “Obod Armaniston” va “Porloq Armaniston” partiyalari ham saylovlarda hech qanday bloklarga qo‘shilmasdan qatnashmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

saylov Armaniston

Baholaganlar

44

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing