Armaniston va Turkiya o‘rtasida araz tugayapti. Yarash oshi qachon?
Olam
−
07 yanvar 2022
3705Bir necha yillardan buyon oqsab kelayotgan Turkiya va Armaniston munosabatlari yaxshilanadi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li matbuotga ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 44 yil davom etgan ozar-arman urushi yakunida, Qorabog‘ yerlarining Bakuga qaytarilishi to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deb hisoblaydi.
Yakuniga yetgan ikki davlat o‘rtasidagi yer talashishlar ortidan Turkiya ham o‘ziga qo‘shni Armaniston bilan munosabatlarini yangi boshqichga olib chiqish umidida.
Turkiya rahbari 2021 yil 16 noyabr kuni Ozarbayjon Milliy Majlisida (parlament) so‘zlagan nutqida Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan nafaqat Ozarbayjon, balki butun mintaqa davlatlari, jumladan, Armaniston ham manfaatdor ekanligini ta’kidlagan.
Erdo‘ganga ko‘ra, Turkiya-Armaniston chegaralarining ochilishi nafaqat Anqara balki Yerevanning o‘zi uchun ham katta foyda keltiradi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 2021 yilning dekabrida bergan intervyusida “Armaniston va Turkiya diplomatik aloqalarida yangi sahifa ochilmoqda”, deb ma’lum qilgan. Ayni vaqtda aloqalarni barqarorlashtirish bo‘yicha maxsus komissiya ish olib bormoqda.
Aloqalarni yaxshilash bo‘yicha ikki davlat vakillarining birinchi rasmiy uchrashuvi joriy yilning 14 yanvarida Moskva dallolligida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1 yanvar sanasidan boshlab Armaniston 2020 yildan beri amalda bo‘lgan Turkiya mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan.
“Bu qadamlar Turkiya-Armaniston munosabatlarining tiklanishiga umid uyg‘otdi”, deydi Chavusho‘g‘li.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar uzoq yillar davomida “Arman genotsidi” deb atalmish da’volar va Ozarbayjonga tegishli Qorabog‘ mintaqasidagi yerlarning ishg‘ol qilinishi fonida salbiy tus olgan.
Armaniston mustaqilligi e’lon qilinganidan keyin (1991 yil 21 sentyabr) Anqara va Yerevan o‘rtasidagi munosabat nomutanosiblik davrini boshdan kechirdi.
1993 yilda Ozarbayjonning Kalbajar viloyati bosib olinishiga javoban Turkiya Armaniston bilan chegarasini yopib, avtomobil, temir yo‘l va havo aloqalarini uzgan.
Ammo bu davr mobaynida davlatlar o‘zaro ikki tomonlama dialogni yaxshilashga harakat qilib kelgan. Xususan, 2005 yilning aprelida Turkiyada Bosh vazir lavozimida bo‘lgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an Armaniston Prezidenti Robert Kocharyanga maktub yo‘llab, 1915 yilgi genotsid voqealarini tahlil qilish uchun qo‘shma komissiya tuzishni taklif qilgan.
Kocharyan Erdo‘g‘an tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda munosabatlarni normallashtirish uchun yuqori darajada siyosiy dialog olib borish taklifini bildirgan.
Qirq to‘rt yil davom etgan mojarolar mobaynida, 30 yillik Armaniston okkupatsiyasidan so‘ng, 2020 yil Qorabog‘ yerlarining Ozarbayjonga qaytarilishi Yerevan va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar iliq tus ola boshlashiga turtki bo‘ldi.
LiveBarchasi