Armaniston harbiylari Ozarbayjon chegarasini buzgani ma’lum bo‘ldi 

Olam

image

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston harbiy xizmatchilari Armaniston-Ozarbayjon chegarasini buzganini e’lon qildi

“1 iyun kuni taxminan soat 20:00 larda Armaniston Qurolli kuchlari 40 ga yaqin kishidan iborat bo‘lib, Ozarbayjon Respublikasining Kelbajar viloyatidagi Armudlu qishlog‘i tomon keldi”, deyilgan vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, Armaniston harbiylari Ozarbayjon hududidan chiqarilgan. Mudofaa vazirligi ushbu operatsiya davomida Ozarbayjon tomoni qurol ishlatmaganini ta’kidlagan.

“Armaniston qurolli kuchlarining Ozarbayjon hududiga bostirib kirishi — bu yana bir provokatsiya va buning uchun javobgarlik butunlay Armaniston tomonida”, deyilgan vazirlik xabarida. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bu voqea Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Avvalroq, Armanistonning olti harbiysi Ozarbayjon chegarasini buzib kirayotganda qo‘lga olingani haqida xabar bergandik. 

Pashinyan bu holatga munosabat bildirib, arman askarlari nega chegarani buzib o‘tishga uringaniga to‘xtalmay, ularning qo‘lga olinishini xalqaro huquqning buzilishi, deya talqin qildi.

Bundan avvalroq esa, rasmiy Yerevan chegarada otishma yuz berganini, to‘qnashuvda bir askari halok bo‘lganini aytgandi. Baku esa yettita yuk mashinasi Armaniston Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi bilan chegaraning belgilangan qismiga yaqinlashishga uringanini, ammo vaziyat o‘q uzishsiz hal etilganini bildirgan. 

Ta’kidlash joizki, bungacha ham Yerevan Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlarida Bakuni ayblab chiqqandi. 

Rasmiy Baku Yerevanning Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlariga munosabatini nomunosib, deb baholagan va Armaniston rasmiylarini saylov arafasida vaziyatdan ichki siyosiy maqsadlarida foydalanmaslikka chaqirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning noyabr oyida Armanistonda boshlangan siyosiy inqiroz fonida hukumat va siyosiy partiyalar muddatdan oldin saylovlarni joriy yil 20 iyunda o‘tkazishga kelishib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

126

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing